Huawei 1
O'tgan 7 oyda O‘zbekiston eksporti kamayib, import hajmi ortdi

Yanvar–iyul oylarida O‘zbekiston eksporti hajmi 1,01 foiz kamaydi, importi esa 10,1 foizga o‘sdi. Bu haqda Statistika agentligi eʼlon qilgan hisobotda keltirilgan.

2024-yilning yetti oyi davomida respublika tashqi savdo aylanmasi 36,8 milliard dollarga yetdi. Bu 2023-yil mos davridagidan 1,9 milliard dollarga (5,3 foiz) ko‘p. Mazkur o‘sish import hajmi keskin ortgani bilan bog‘liq. Xususan, tashqi savdoda eksport ulushi 14 milliard 786 million dollar bo‘lgan. O‘tgan yil mos davrida bu ko‘rsatkich 14 milliard 954 million dollarni tashkil etgan.

Joriy yil yanvar–iyul oylarida import ulushi 22 milliard dollarga yetgan. Taqqoslash uchun, 2023-yilning shu davrida import hajmi 20 milliard dollar bo‘lgan.

Joriy hisobot davrida mamlakat tashqi savdosida qariyb 7,3 milliard dollarlik defitsit shakllangan.O‘zbekiston tashqi savdosining yuqori ulushi Xitoy (18,6 foiz), Rossiya (18,5 foiz), Qozog‘iston (6,2 foiz) va Turkiya (4,6 foiz) davlatlariga to‘g‘ri kelgan.

Tashqi savdoda Toshkent shahrining ulushi 39,9 foiz bo‘lib, 14,7 milliard dollarga yetgan. Bu respublikaning boshqa hududlariga qaraganda eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Tashqi savdodagi eng quyi ulushni esa Surxondaryo viloyati qayd etgan — 0,6 foiz (239,2 million dollar).

Yetti oy davomida eksportining qariyb 25 foizi yoki 4,2 milliard dollari oltin hissasiga to‘g‘ri keldi. Taqqoslash uchun, 2023-yilning mos davrida 5,6 milliard dollarlik oltin sotilgan. O‘z o‘rnida joriy hisobda salkam 2,5 milliard dollarlik sanoat mahsulotlari, 1,1 milliard dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar eksport qilingan.

Hisobot davrida mashinalar va transport asbob–uskunalari importi eng katta ulushni tashkil etdi — 7,8 milliard dollar (35,4 foiz). Shu bilan birga, 2,7 milliard dollarlik kimyoviy vositalar, 2,5 milliard dollarlik mineral yoqilg‘i, yog‘lash moylari, 2 milliard dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar import qilingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91803 | Инструменты