Huawei 1
Futzal bo‘yicha Jahon chempionati. O‘zbekiston Paragvayga yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi

Futzal bo‘yicha Jahon chempionati guruh bahslarining 2-tur uchrashuvlari davom etmoqda.

Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan bahsda O‘zbekiston Paragvay jamoasi bilan kuch sinashdi. Uchrashuvning birinchi bo‘limi shiddatli kechdi. Uchrashuvning 16-daqiqasida Paragvay jamoasining 14-raqamli o‘yinchisi ajoyib zarba yo‘llab hisobni ochdi. Bir daqiqa o‘tib mehmonlarning 10-raqamli o‘yinchisi Arnaldo Biaz hisobni 0:2 ko‘rinishiga olib keldi.

Bo‘lim shu hisobda yakuniga yetdi.

Ikkinchi bo‘lim o‘zbekistonliklarning ustunligida boshlandi. 24-daqiqada qarshi hujumga o‘tgan paragvayliklar hisobdagi farqni 3 taga yetkazdi. Uchinchi gol muallifi — Fransisko Martines. 26-daqiqada Xavier Salas O‘zbekiston darvozasiga 4-golni kiritdi.

35-daqiqada Husniddin Nishonov Paragvay darvozasini ishg‘ol qildi. Afsuski bu gol uchrashuvdagi so‘nggisi bo‘lib qoldi.

Shu tariqa O‘zbekiston futzal terma jamoasi yirik hisobdagi mag‘lubiyatni qabul qilib oldi.

Ma’lumot uchun ushbu guruhdan o‘rin olgan yana bir juftlik — Niderlandiya va Kosta Rika jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlangan edi.

Hozirda mezbonlar hisobida 1 ochko mavjud. O‘zbekiston so‘nggi turda Kosta Rika jamoasi bilan kuch sinashadi. Uchrashuv 20-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. 3-turdagi g‘alaba ham jamoani keyingi bosqichga chiqishiga xizmat qilishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91912 | Инструменты