Huawei 1
Armaniston va AQSh qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazadi

Armanistonda 15-24 iyul kunlari arman-amerika harbiy mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

“Xalqaro tinchlikparvar missiyalarda ishtirok etishga tayyorgarlik koʻrish maqsadida 15-iyuldan 24-iyulgacha Armanistonda “Eagle Partner 2024” qoʻshma arman-amerika oʻquv mashgʻulotlari boʻlib oʻtadi”, - deya maʼlum qildi 6-iyul, shanba kuni Armaniston Mudofaa vazirligi sahifasi.

Mashg‘ulotlarda Armaniston Qurolli kuchlari tinchlikparvar brigadasi, AQShning Yevropa va Afrikadagi armiyasi hamda Kanzas milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari ishtirok etadi, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mashg‘ulotlarda tinchlikparvarlik vazifalarini bajarish chog‘ida nizolashayotgan tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarni barqarorlashtirish muammolarini hal qilishga asosiy e’tibor qaratiladi.

Mashg‘ulotlardan maqsad tinchlikparvar operatsiyalar doirasida xalqaro tinchlikparvar missiyalarda ishtirok etuvchi bo‘linmalarning muvofiqlashtirish darajasini oshirish, boshqaruv va taktik aloqa sohasida ilg‘or tajriba almashish, shuningdek, arman bo‘linmalarining jangovar tayyorgarligini oshirishdir. 

“Tinchlikparvarlik missiyalariga tayyorgarlik koʻrish chogʻida xalqaro tinchlikparvar operatsiyalarga tayyorgarlik koʻrayotgan boʻlinmalar hamkor mamlakatlarda oʻtkaziladigan shu kabi qoʻshma harbiy mashgʻulotlar va oʻquv mashgʻulotlarida muntazam ishtirok etadi”, - deya taʼkidladi Armaniston Mudofaa vazirligi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100614 | Инструменты