Huawei 1
Toshkentda O'zbekiston–BAA biznes-forumi bo'lib o'tdi

Birlashgan Arab Amirliklari ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida 14-15-oktabr kunlari Toshkent shahrida O'zbekiston–BAA biznes-forumi bo'lib o'tdi.

Tadbir O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, mamlakatimizning BAAdagi elchixonasi tomonidan Abu-Dabi Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etildi.

Unda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o'rinbosari Dilshod Rasulov, Abu-Dabi Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o'rinbosari Ali bin Harmal Ol Zohiriy, BAA Savdo-sanoat palatalari Federatsiyalari bosh kotibi Humaid Ben Salem, tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ikki yuzga yaqin ishbilarmon doiralari vakillari qatnashdi.

O'zbekiston va BAA o'rtasidagi investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida har ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o'rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash masalalari tadbirning asosiy mavzusi bo'ldi.

Forum dasturi doirasida investitsiyalarni jalb qilishning eng istiqbolli yo'nalishlari hamda ustuvor tarmoqlarda O'zbekistonning investitsiyaviy salohiyati va tayyor loyiha takliflari to'g'risida taqdimotlar o'tkazildi. Shuningdek, sanoat, innovatsiya, ta'lim, turizm, transport-logistika, to'qimachilik, qurilish hamda qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sohalaridagi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Birlashgan Arab Amirliklari biznes doiralari vakillari hamda mahalliy ishbilarmonlar o'rtasida B2B formatidagi muzokaralar uyushtirildi.

Uchrashuvlar doirasida ustuvor tarmoqlarda davlat-xususiy sherikchilik asosida umumiy qiymati 30 milliard dollardan ortiq bo'lgan 63 ta loyiha va xususiylashtirishga taklif etilgan 21 ta obyekt taqdimoti tashkil etildi.

BAA delegatsiyasi safar davomida mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralarida uchrashuvlar o'tkazdi, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi erkin iqtisodiy sanoat zonalari, ishlab chiqarish obyektlari hamda Bo'stonliq tumanidagi turizm maskanlarida bo'ldi.

BAA kompaniyalari rahbarlari o'zbek tomoni bilan hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirishdi va O'zbekiston bozoriga kirish bo'yicha o'z yondashuvlari hamda rejalari bilan o'rtoqlashdi. Sanoat zonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning BAAga importini tashkil etish, muayyan yo'nalishlarda hamkorlikni kengaytirish hamda birgalikda ish olib borish yuzasidan aniq taklif va yo'nalishlar kelishib olindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101522 | Инструменты