Xitoy kompaniyasi Farg‘onada maxsus transport vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha $40 mlnlik investitsion loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda

Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning Shiyan Zhenke Industrial Technology kompaniyasi rahbari Syao Syansyanni qabul qildi.

Uchrashuvda Xitoy kompaniyasi tomonidan Farg‘onada ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilayotgan maxsus transport vositalari ishlab chiqarish investitsion loyihasi muhokama qilindi.

Bugungi uchrashuv viloyat hokimi boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiyasining joriy yil iyun oyida Xitoyga tashrifi doirasida Pekinda Shiyan Zhenke Industrial Technology kompaniyasi rahbarlari bilan o‘tkazilgan dastlabki muzokaralarning davomi bo‘ldi.

Ikki bosqichli investitsion loyihaning dastlabki bosqichida 20 mln dollar investitsiya hisobiga Farg‘onada yig‘ish, payvandlash va bo‘yash liniyalari tashkil etilib, yiliga 500 ta maxsus transport vositalari ishlab chiqariladi. Ikkinchi bosqichda qo‘shimcha 20 mln. dollar investitsiya yo‘naltirilib, ishlab chiqarish quvvati oyiga 100 taga yetkaziladi. Loyihani to‘la amalga oshirish muddati 3 yilni tashkil etishi maʼlum qilindi. Eʼtiborlisi, ishlab chiqariladigan transportlar bozorga yangi mahalliy brend ostida yetkazib beriladi.

Viloyatda ishlab chiqariladigan maxsus transport vositalariga nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni respublikalarda ham talab yetarli bo‘lishini qayd etgan viloyat rahbari, ushbu loyiha har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.

Xitoy tomoni loyihani joylashtirish bo‘yicha viloyatdagi kichik sanoat zonalari hamda Qo‘qon EIZ hududidagi mavjud imkoniyatlarni o‘rganib chiqqach, muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.

Uchrashuvda viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akmal Po‘latov hamda Xitoy bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Otaxon Xayrullayev ham ishtirok etdilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70813 | Инструменты