Kuni kecha O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bir guruh jurnalist va blogerlar bilan uchrashuvda xorij kompaniyalari bilan tuziladigan Mahsulotlar taqsimoti bo‘yicha bitim qanday tuzilishini "Lukoyl" kompaniyasi misolida tushuntirib bergan edi.
Ya’ni, O‘zbekiston konni o‘zlashtirish uchun umuman pul sarflamay, har qanday kompaniya bilan kelishuvda eng kamida 50% daromadga ega bo‘ladi. Ayrim omillar O‘zbekistonning ulushini yanada oshirishi ham mumkin.
Shu kabi kelishuvlar mexanizmini endi xorijiy kompaniyalarga 35 yilga berilgan "Mustaqillikning 25 yilligi" koni misolida ham ko‘rib chiqamiz. Aytish kerakki, kon bo‘yicha shartnoma 2017-yilda tuzilgan. Ushbu kon ishga tushishi uchun eng kamida 8 yil talab etiladi.
O‘zbekiston hukumati "M-25" konini o‘zlashtirish bo‘yicha 3 ta kompaniyadan iborat konsorsium — «Gas Project Development Central Asia AG» (Shveysariya), «Altmax Nolding Ltd» (Kipr), «Uzneftegazdobыcha» AJ (O‘zbekiston) bilan bitim imzolagan. Investorlar tarkibida «Altmax Holding» — 75%, «Uzneftegazdobыcha» — 20%, «Gas Project Development Central Asia» — 5% ulushga ega.
Ushbu ma’lumotni o‘qiganlar orasida, "Ana, O‘zbekistonning ulushi 20% ekanku, nega 50 foiz deyilyapti?", — degan savol kelib chiqishi tabiiy. Shuni hisobga olib, soddaroq tilda, misollar bilan tushuntirildi.
Kelishuvga ko‘ra, kondan gaz ishlab chiqarish boshlangach, daromadning (barcha xarajatlar va O‘zbekistonga to‘lanadigan soliqlardan tashqari) 50%i O‘zbekiston Respublikasiga, qolgan 50 foizi esa investorlarga bo‘linadi.
Deylik, kondan 100 mln dollar daromad tushdi. Uning 50 mln dollari O‘zbekistonga, qolgan 50 mln dollari investorlarga tegishli bo‘ladi. Shundan so‘ng, investorlarning daromadi, ya’ni, 50 mln dollar o‘zaro taqsimlanadi. O‘shanda O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan «Uzneftegazdobыcha» investorlarning 50 mln dollaridan 20 foizi, ya’ni, 10 mln dollarga ega bo‘ladi.
Shu tariqa, «M-25» konidan tushadigan daromad 60ga 40 ko‘rinishida O‘zbekiston foydasiga taqsimlanmoqda.
Bitimga asosan, ushbu kon hududida gaz-qimyo kompleksi barpo etiladi.
Loyihaning nominal quvvati — yiliga tarkibida yuqori darajadagi oltingugurtli 5 mlrd. kub. m gazni qazib chiqarish va qayta ishlash. Yaratiladigan yangi ish o‘rinlari: 1000 ta.
Hozirgi paytga qadar konda geologiya qidiruv ishlari doirasida 3D (160 kv.km) va 2D (492 pog. km) seysmik tadqiqotlar amalga oshirildi, 16 ta quduqda burg‘ulash ishlari va 5 ta quduqda sinov ishlari yakunlanib, hozirda 2 ta quduq burg‘ulash jarayonida. Yana 3ta quduq sinovdan o‘tkazilmoqda.
Shartnomada ko‘rsatilgan 35 yillik muddat tugagach, u yerda qurilgan zavod, infratuzilma va texnikalar O‘zbekiston mulkiga aylanadi. Gaz sotishdan tushadigan daromad ham to‘liq O‘zbekiston byudjetiga o‘tkaziladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122211 | Инструменты