O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli Aslam Akbarov Tomsk oblasti gubernatorining iqtisodiyot, investitsiya siyosati va mulkiy munosabatlar bo‘yicha o‘rinbosari Vasiliy Potemkin bilan muzokara o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning Rossiyaning ushbu hududi bilan savdo-iqtisodiy hamkorligining holati, shuningdek, Tomsk oblasti gubernatori Vladimir Mazur boshchiligidagi delegatsiyaning shu yil noyabr oyidagi tashrifi yakunlari muhokama qilindi.
Vasiliy Potemkinning aytishicha, Tomsk oblasti gubernatori boshchiligidagi delegatsiyaning respublikaga tashrifi yakunlari nafaqat mavjud yo‘nalishlarni ilgari surish, balki uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan iqtisodiy sheriklikning asosiy jihatlarini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tomsk oblasti gubernatorining o‘rinbosari, shuningdek, V2V formatidagi uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlarga, xususan, respublikada termoplastik polimer kompozitsiyalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, "Tomsk elektromexanika zavodi" AJ da ishlab chiqarilgan uskunalarni "O‘zkimyosanoat" AJ va boshqa korxonalarga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga e’tibor qaratdi.
Muloqot chog‘ida oblastdagi turli korxonalariga O‘zbekistondan mutaxassislarni ishga jalb qilish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
Mazkur masala yuzasidan Rossiya tomoni hududdagi tikuvchilik va to‘qimachilik korxonalariga ishlash uchun O‘zbekistondan tajribali tikuvchilarni jalb qilish zarurati borligini ma’lum qildi.
Shuningdek, tajriba almashish va istiqboldagi vazifalarni muhokama qilish maqsadida "Chirchiq" sanoat parki va Sirdaryo viloyatidagi sanoat parki vakillarining Tomsk shahriga ishchi safarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralar yakunida har chorakda Tomsk oblasti rahbariyati bilan savdo-iqtisodiy va mehnat migratsiyasi jabhalaridagi birgalikdagi ishlarning borishi yuzasidan uchrashuv o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122210 | Инструменты