25-mart kuni Eron terma jamoasi Jahon chempionati—2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Jamoa O‘zbekiston bilan 2:2 hisobida durang o‘ynab, 20 ochko bilan muddatidan avval musobaqa final bosqichiga yo‘llanma oldi. Ammo forslar AQSH bilan nizo sabab musobaqada qatnasha olmasligi mumkin.
Sababi mamlakat AQShning “qora ro‘yxati”ga kiritilgan bo‘lib, bu terma jamoaning shtatlarda o‘yin o‘tkazishida muammolar tug‘dirishi mumkin. Ayniqsa, pley-off bosqichining katta qismi aynan AQShda o‘tishi rejalashtirilgan. FIFA allaqachon mezbon jamoa bilan ushbu masalani hal etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Xuddi shunday vaziyat Venesuela bilan ham kuzatilmoqda. Ushbu mamlakat ham AQShning “qora ro‘yxati”da bo‘lib, ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olish uchun jiddiy kurash olib bormoqda. Hozirda Venesuela Janubiy Amerika saralashida yettinchi o‘rinda bormoqda va pley-off yo‘llanmasi uchun yaxshi imkoniyatga ega.
Agar AQSh hukumati cheklovni bekor qilmasa, bu katta mojaro keltirib chiqarishi mumkin. Eron va Venesuelaning mundial ishtirokchilari orasidan chiqishi futbol tarixida misli ko‘rilmagan holat bo‘ladi hamda xalqaro miqyosda keng muhokamaga sabab bo‘lishi aniq.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40201 | Инструменты