"Manchester Siti" Abduqodir Husanov transferi borasida «Lans»ga jiddiy taklif yubordi.
Sky Sport jurnalisti Patrik Bergerning yozishicha, APL chempioni 20 yoshli himoyachi uchun bonuslar bilan birga 50 mln yevro to‘lashga tayyor.
O‘z navbatida, O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchisi ham Angliya chempionatiga o‘tishga oshiqmoqda. Tomonlar uzoq muddatli shartnoma tuzishi kutilmoqda.
Husanov 2022 va 2023 yillarda, Belarusning «Energetik-BGU» klubi safida ekanidayoq CIES versiyasi bo‘yicha jahonning eng istiqbolli futbolchilari ro‘yxatiga kiritilgandi. Shundan keyin uni Fransiyaning o‘sha vaqtdagi vitse-chempioni 100 ming yevroga transfer qilgandi.
Birinchi mavsumni Husanov ko‘proq moslashish uchun sarfladi — Fransiya chempionatida 11, Chempionlar Ligasida 2 va Yevropa Ligasida 2 o‘yinda maydonga tushdi. Shu vaqtda u O‘zbekiston milliy jamoasiga ham jalb etildi va hozirgacha asosiy jamoada 18 uchrashuv o‘tkazdi.
Joriy mavsumda u yangi darajaga ko‘tarildi, Fransiya chempionatida oktyabr oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi, «PSJ», «Manchester Siti», «Nyukasl», «Tottenhem», shuningdek «Atletiko» va «Real» kabi grand klublar nazariga tushdi.
Himoyachi bu mavsumda Liga 1da 13 ta o‘yinda maydonga tushdi va bitta golli uzatma muallifi bo‘ldi. Uning klubi bilan shartnomasi 2027 yil yoziga qadar tuzilgandi. Transfermarkt portali futbolchining transfer qiymatini 12 million yevroga baholagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11016 | Инструменты