O‘zbekistonlik futbol hakamlari har doim Osiyo miqyosida yuqori mavqega ega bo‘lib kelgan. Jahon chempionatlarida hakamlik bo‘yicha rekordlar, Osiyo kuboklarining hal qiluvchi o‘yinlarini boshqarish, qit’a va jahon miqyosida eng yaxshi hakamlik bo‘yicha individual sovrinlarni qo‘lga kiritish kabi yutuqlarni eslab o‘tish mumkin. Bugungi kunda ham hakamlarimiz xalqaro musobaqalarda muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Bir necha avlod davomida shakllangan hakamlik maktabini yanada mustahkamlash, yosh hakamlarga professional darajada bilim va ko‘nikmalar berish, hakamlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish orqali ish sifati va samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qoshida Hakamlar akademiyasi tashkil etilmoqda.
Ushbu akademiyaga xalqaro tajriba asosida faoliyat yuritib, futbolchilik faoliyatini turli sabablarga ko‘ra yakunlagan, jismonan yetuk, futbol bo‘yicha yetarli bilimga ega hamda chet tillarini biladigan yoshlar jalb etiladi.
O‘zbekistonning eng tajribali referilari, ustoz-murabbiylari va FIFA instruktorlari yosh avlodni har tomonlama kuchli, bilimli va professional mutaxassis sifatida tayyorlashga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31418 | Инструменты