O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadze Srechko Katanes va milliy terma jamoa atrofidagi vaziyat bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi.
- Sizga O‘zbekiston terma jamoasidan taklif tushdimi? Mavjud vaziyat bo‘yicha fikrlaringizgi bildirib o‘tsangiz...
- Menga hech qanday taklif bo‘lmadi. Bilishimcha, Srechko Katanes bugungi reys bilan uchib kelishi lozim edi, ammo uning sog‘lig‘i bunga yo‘l qo‘ymagan. O‘qiganingizdek, keyingi o‘yinlarda terma boshqaruvi bosh murabbiy yordamchilari Alesh Chex hamda Vlado Radmanovichga topshirilgan. Hozircha boshqa gap-so‘z yo‘q. Qolganini vaqt ko‘rsatadi. Bu – vatan jamoasi. Yordam kerak bo‘lsa, hamisha tayyormiz.
- Bu terma jamoa o‘yinlariga qanchalik taʼsir qiladi?
- Albatta, taʼsir qiladi. Har holda Srechko Katanes bosh murabbiy. Ko‘p yigitlar uni eshitadi va uning aytganlarini qiladi. Bosh murabbiy – bu bosh murabbiy. Uning o‘rni bo‘lakcha. Bir-ikkita o‘yinda o‘rni bilinmasligi mumkin, ammo u bo‘lsa, baribir boshqacha. Avvalo, Srechko Katanesga sog‘liq tilaymiz. Unga shifo tilab, hech kimga bunday dard bermasin deymiz. O‘ylaymanki, yordamchi murabbiylar ham yaxshi mutaxassislar sirasiga kiradi. Jamoada ancha vaqtdan beri ishlashadi, terma jamoani qanday tayyorlash kerakligini yaxshi bilishadi. Srechko ham uzoqdan bo‘lsa-da, ko‘maklashib tursa kerak. Oldinda ikkita muhim o‘yin turibdi. Uyda o‘ynayapmiz, yuz foizlik natija bizni Jahon chempionatiga yaqinlashtiradi. O‘ylaymanki, assistentlar bu vaziyatdan chiqib ketadi. Futbolchilar ham bu narsani tushungan holda tajriba va mahoratlarini ishga solishlariga ishonamiz.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122118 | Инструменты