Chegaradagi barcha nazorat funksiyalari Bojxona qo‘mitasiga o‘tkaziladi

Prezident raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yilda turgan vazifalar bo‘yicha yig‘ilish bo'lib o'tmoqda.

Yig'ilishda hozirda meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti chegarada 4 ta idora, yaʼni, bojxona, karantin, SES va veterinariya organlari tomonidan nazorat qilinmoqda. Vaholanki, talab etiladigan barcha sertifikat va ruxsatnomalar to‘liq raqamlashgan, nazoratchi xodimlar hujjatlar bor-yo‘qligini tekshiradi, xolos.

Shu bois, chegaradagi barcha nazorat funksiyalari Bojxona qo‘mitasiga o‘tkazilishi belgilandi.

Bundan tashqari, ikki yil oldin tovarlarni bojxona rejimida qayta ishlash bo‘yicha yangi tartib joriy qilingan edi. O‘tgan davrda 254 ta korxona ushbu tizimda ishlashni boshlagani natijasida 1,1 milliard dollarlik eksport bo‘ldi.

Shundan 83 foizi Andijon, Buxoro, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahridagi tadbirkorlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Lekin, Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Surxondaryo va Xorazmda bunday eksport 10 million dollarga ham yetmadi.

Ushbu hududlar rahbarlari bojxona rejimida qayta ishlash hisobidan 500 million dollardan eksportni taʼminlashi zarurligi taʼkidlandi.

Yig‘ilishda eksportning 50 foizi 4 ta bozorga – Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston va Turkiyaga to‘g‘ri kelishi taʼkidlandi. Ulardan tashqari eksportni 1 milliard dollarga chiqarish mumkin bo‘lgan mamlakatlar bilan yaqindan ishlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yoki, eksportning asosiy qismini tashkil qiladigan 20 turdagi mahsulot 1 ta bozorga bog‘liq bo‘lib qolgan.

Eksport tovarlarining uchdan bir qismi xomashyo bo‘lib, tashqi bozorlardagi narx konyunkturasiga bog‘liq.

Masalan, ikki yil oldin mamlakatimiz “GSP+” tizimiga qo‘shilib, 6 ming 200 turdagi tovarlarni Yevropa bozorlariga bojsiz olib kirish imkoniyati yaratildi. Lekin o‘tgan yili ushbu tizimdan to‘liq foydalanilmay, 384 turdagi tovarlar eksport qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61306 | Инструменты