Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan tashabbus qilingan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi va u bilan tasdiqlanayotgan Konsepsiya loyihasi joriy yilning 31-yanvar kuni quyi palata majlisida birinchi o‘qishda qabul qilinib, 10-fevralga qadar palata rasmiy veb-saytiga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan edi.
Konsepsiya loyihasi bo‘yicha muhokamalarda barcha yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan ishtirok etib, o‘z taklif va fikr-mulohazalarini bildirdi. Jamoatchilik muhokamasi jarayonida aholidan 400 tadan ortiq izohlar, taklif va tavsiyalar kelib tushdi.
Shuningdek, 3-fevral kuni Qonunchilik palatasida OAV vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazilib, tashabbuskor deputatlar tomonidan jurnalistlarning loyihaga oid savollariga javoblar berildi. 6-fevral kuni esa Qonunchilik palatasida yurtimizdagi 16 ta konfessiya vakillari bilan konsepsiya loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda barcha konfessiyalar vakillari Konsepsiya loyihasini qo‘llab-quvvatlab, uning qabul qilinishi yurtimizda dinlar va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga, tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar.
Loyiha yuzasidan ilmiy-tadqiqot muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan Parlament tadqiqotlari instituti, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi va boshqa bir qator tashkilotlar tomonidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Kelib tushgan izohlar, taklif va tavsiyalar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat fuqarolarimiz mazkur Konsepsiya o‘z vaqtida ishlab chiqilganligini hamda uni qabul qilish yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qilishini alohida e’tirof etib, uni qo‘llab-quvvatlashmoqda.
Kelib tushgan izoh, taklif va tavsiyalar atroflicha o‘rganib chiqildi. Ushbu takliflarning muhokamasi hamda konsepsiya loyihasini maromiga yetkazishga bag‘ishlab ishchi guruhi va mas’ul qo‘mitaning yig‘ilishlari o‘tkazildi.
Majlisda Konsepsiya loyihasi keng jamoatchilikning taklif-mulohazalari asosida yanada takomillashtirilgani alohida qayd etildi. Xususan, fuqarolarimiz Jahongir Safayev, Axmadjon Oripov, Amirullo To‘xliboyev, Shaxnozaxon Gaffarova hamda Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan bildirilgan takliflar asosida Konsepsiyaning 10 dan ortiq bandlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida loyihaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar: turli konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro muloqotni o‘rnatish, konfessiyalararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, O‘zbekiston xalqining dinlarga oid madaniyati hamda islom sivilizatsiyasining yorqin yutuqlari sifatida tan olingan buyuk mutafakkir va olimlarning diniy-falsafiy merosini, qo‘lyozma manbalarni o‘rganish bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun keng shart-sharoitlar yaratish hamda ularni ilm-fanga faol jalb etish orqali ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish kabi masalalarga qaratilgani ta’kidlandi.
Majlisda qonun loyihasi hamda Konsepsiya loyihasi bandma-band muhokama etildi. Deputatlarning savollariga atroflicha javoblar berildi.
Muhokamalar davomida siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari so‘zga chiqib, Konsepsiya davlatchiligimiz rivojining boy milliy-tarixiy tajribasiga va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilganligini hamda ko‘pmillatli va ko‘pkonfessiyali O‘zbekistonda umumjamiyat manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, demokratiya, dunyoviylik, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik asosida o‘zaro totuvlikda yashash hamda izchil taraqqiy etish uchun zarur barqaror muhitni ta’minlashga qaratilganligi alohida qayd etdilar.
Shundan so‘ng mazkur konsepsiya va uni tasdiqlash haqidagi qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21122 | Инструменты