Huawei 1
Jamshid Qo‘chqorov: 2024 yilda byudjet daromadlari 18,4 foizga ko‘paydi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2024 yil yakunlari ijrosi yuzasidan hisobotini ko‘rib chiqdi. 

Majlisda iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov axborot berdi. 

– Davlat dasturidagi ustuvor yo‘nalishlar va maqsadlarning o‘z vaqtida sifatli bajarilishini taʼminlash maqsadida barcha zarur choralar ko‘rilgan. 2024 yil yakunida yalpi ichki mahsulot o‘tgan yilga nisbatan 6,5 foizga oshib, 115 mlrd. dollarga yetdi. Davlat byudjeti daromadlari 274,4 trillion so‘mga yetib, 18,4 foizga ko‘paydi. Yillik inflyatsiya darajasi 9,8 foizni tashkil etdi.

Xorijiy investitsiyalar hajmi avvalgi yilga nisbatan qariyb 1,6 foizga ko‘payishiga erishildi. Eksport ilk bor 27 milliard dollarga yetdi. Tog‘-kon, neft-gaz, kimyo, qishloq xo‘jaligi sohalarida investitsiyalar hajmi ikki barobar ko‘paydi.

Aholi bandligini taʼminlash, daromadlarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Bu boradagi ishlar o‘laroq, kambag‘allik darajasi 2023 yildagi 11 foizdan 2024 yilda 8,9 foizga qisqarishiga sharoit yaratildi, – dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21122 | Инструменты