Huawei 1
Hududlardagi 39 ta sport maktabi parasport turlariga ixtisoslashadi

Prezident raisligida 2028-yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tdi.

So‘nggi uch yilda parasport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar 4 karra ko‘payib, 7 mingdan oshdi, ayol parasportchilar ulushi 29 foizga yetdi.

Ilgari bu toifadagi yoshlar uchun atigi 33 ta maktabda sport to‘garaklari bor edi, bugun bunday maktablar soni 235 taga yetdi.

Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportchi qilib tayyorlashda ilmga asoslangan metodika, standartlar, o‘quv adabiyotlari yetishmasligi, sodda qilib aytganda, sog‘lom sportchilar uchun talablar shunday ko‘chirilib qo‘yilgani sababli bu sohada “katta sakrash” bo‘lmayapti.

Shu bois har yili kamida 100 nafar nogironligi bo‘lgan sportchilar va ularning murabbiylari malaka oshirish uchun xorijga yuboriladi.

Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda nogironligi bo‘lgan yoshlarni sport bilan qamrab olish bo‘yicha ilmiy asoslangan metodika va standartlarni ishlab chiqadi. Universitetning Toshkentdagi filialida adaptiv sport bo‘yicha alohida fakultet ochiladi.

Shuningdek, hududlardagi 39 ta sport maktabi parasport turlariga ixtisoslashadi.

Parasportchilar, ayniqsa nogironligi bo‘lgan qizlarning imkoniyatiga qarab, boshqa sportchilar bilan birga shug‘ullanishiga sharoit yaratish muhimligi taʼkidlandi.

Sportchi va parasportchilarni tayyorlaydigan murabbiylarga malaka sertifikati berish va ularni qayta tayyorlash tizimi soddalashtiriladi.

Bu toifadagi yoshlardan terma jamoalarni shakllantirish bo‘yicha seleksiya tizimi boshqa sportchilar bilan bir xil bo‘lib qolgani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, bugungi kunda faqat respublika musobaqalari sovrindorlari terma jamoaga qabul qilinayapti.

Nogironligi bo‘lgan sportchilar uchun bu tizim mutlaqo o‘zgartiriladi. Bundan buyon yoshlar musobaqa natijasiga qarab emas, balki sport normativlarini bajarishiga qarab ham terma jamoaga qabul qilinadi.

Sport musobaqalari va sport yig‘inlarini tashkil qilishda olimpiya va paralimpiya tizimiga o‘tiladi. Endi qayerda qanday chempionat bo‘lsa, unga yonma-yon parasport musobaqasi ham o‘tkaziladi, yig‘inlar ham birgalikda tashkil qilinadi.

Bu haqiqiy inklyuziv tizimga aylanadi, nogironligi bor sportchilar uchun motivatsiya va rag‘bat bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21317 | Инструменты