Huawei 1
O‘zbekiston parlamenti aʼzolari BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasida ishtirok etdi

BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (SOR29) Ozabayjon Respublikasining Boku shahrida bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda.

Konferensiya doirasida iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq muammolarni hal etish va ularga moslashuv jarayonlarini moliyalashtirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan qator forumlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, Senat Raisi  T.Narbayeva ham forumda o‘z nutqi bilan ishtirok etib, O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida qator tashabbuslar ilgari surilayotganini, dunyo hamjamiyatini bir bo‘lishga chorlovchi xalqaro takliflar bildirilganligini alohida taʼkidlab o‘tdi.

Chindan ham, mamlakatimiz 2023-yilda iqlim o‘zgarishlariga moslashuv jarayonlarini moliyalashtirish yo‘nalishida MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib tarixiy qadam tashladi va 331 million dollarlik “yashil” suveren xalqaro obligatsiyalarni London fond birjasida joylashtirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston o‘zining geografik joylashuvi tufayli dengizga chiqish imkoniyati yo‘q davlat hisoblanishini eʼtiborga olib, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev SOR29 sammitidagi nutqida dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan davlatlar uchun yurtimizda BMTning innovatsion agrosanoat xabini yaratish tashabbusini ilgari surdi.

Taʼkidlash joiz, O‘zbekiston iqlim muammolariga qarshi kurashish va mintaqaning ekologik barqarorligini taʼminlash maqsadida bir qator muhim mintaqaviy va global tashabbuslar bilan chiqmoqda.

Jumladan, ekologik muammolarning mintaqaviy va transchegaraviy xususiyatini inobatga olgan holda, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ilgari surilgan “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi joriy yilda qabul qilindi.

Shu bilan birga forumda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish va yangi tashabbuslarni amaliyotga keng joriy etishda parlamentlar darajasida hamkorlik keng istiqbolga ega ekanligi eʼtirof etildi.

O‘z navbatida, hozirgi tahlikali va global ekologik muammolar avj olayotgan zamonda ushbu vazifalarni amalga oshirishda Parlamentlararo ittifoqning o‘rni va ahamiyati nihoyatda ortib borayotgani qayd etildi.

T.Narbayeva ham o‘z nutqida bu yo‘nalishda barcha parlamentlar qonunchilik sohasida o‘zaro tajriba almashishlari muhim ahamiyat kasb etishi, parlamentlarning ilmiy-tadqiqot institutlari, markazlari, yoshlar parlamentlari o‘rtasida muntazam hamkorligini taʼminlash zarur ekanligini alohida taʼkidlab o‘tdi.

Shuningdek, birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish va hukumatlarga taqdim etish amaliyotini keng joriy etish maqsadga muvofiq ekanligi bildirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111715 | Инструменты