"Milliy tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirov 20-noyabr kuni Qonunchilik palatasida so‘zlagan nutqida O‘zbekiston butun dunyoda o‘zini ishonchli hamkor sifatida namoyish etganini aytib, bu borada prezidentning xizmati beqiyosligini ta’kidladi.
Qodirovning Qonunchilik palatasining bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlisida qayd etishicha, yangi parlament shakllanish jarayonida prezident tomonidan qo‘yilayotgan vazifalarning barchasi O‘zbekiston xalqi farovonligi uchun xizmat qiladigan, qudratli davlat bo‘lishga asos bo‘ladigan takliflardir.
Fraksiya rahbari barcha hokimiyat organlari: parlament, hukumat va sud hokimiyati bir-biri bilan mustahkam birlashib, davlat rahbari tomonidan belgilangan vazifalarni, xalq farovonligi yo‘lida xizmat qiladigan dasturni amalga oshirish uchun kamarbasta bo‘lib ishlashi kerakligini qo‘shimcha qildi.
"O‘zbekiston bugun mintaqada ham, butun dunyoda ham o‘zini ishonchli hamkor sifatida namoyish eta oldi. Albatta, bu borada sizga minnatdorchilik bildiraman. Chunki buyuk siyosiy iroda bilan O‘zbekiston mana shu darajaga kelishida sizning beqiyos xizmatingiz bor", — deya ta’kidladi Alisher Qodirov.
Shuningdek, "Milliy tiklanish" rahbari prezident tomonidan bosh vazir lavozimiga Abdulla Aripov nomzodi ko‘rsatilganini ma’qullab, bunga bir qancha sabablar borligini aytgan. Uning qayd etishicha, davlatlararo ishonch masalasi so‘roq ostida qolayotgan bir paytda hukumatda ishonchli kadrlar masalasi ham o‘ta dolzarb hisoblanadi.
"Mana shunday davrda yalpi ichki mahsulot hajmini 200 milliard dollarga ko‘tarish, o‘sha pulni topish, tejamkorlik va barqarorlik bilan iqtisodimizni rivojlantirish kabi vazifa hukumat oldigan qo‘yilyapti. Bu vazifani bajarish uchun bizga albatta eng ishonchli inson kerak. Siz tavsiya qilgan nomzodni biz fraksiyadoshlar va quyidagi deputatlar bilan birgalikda muhokama qilib, O‘zbekistonga bugungi kunda aynan Abdulla Nigmatovichga o‘xshagan bosh vazir juda ham zarur, degan qarorga keldik", — deydi Qodirov.
Deputat O‘zbekistonni rivojlantirish uchun qo‘yilayotgan bu vazifalarni amalga oshirish uchun hukumat o‘z takliflarini, dasturini taqdim qilganini aytar ekan partiya bu borada parlament nuqtayi nazaridan o‘z mas’uliyatini chuqur his qilishi va nafaqat nazorat vazifasi, balki kamarbasta bo‘lib, birgalikda harakat qilishni ham o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini qo‘shimcha qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112306 | Инструменты