AQSH Prezidenti Jo Bayden Xalqaro jinoiy sudning Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun order berganini “g‘azabnok” deb atadi. Bu haqda kecha, 21 noyabr kuni Bayden ma’muriyati bayonot berdi.
“Xalqaro jinoyat sudining Isroil rahbarlariga nisbatan hibsga olish uchun order bergani g‘oyat g‘ayritabiiydir. Yana bir bor aniq aytib o‘taman: XJS nima demasin, Isroil va HAMAS o‘rtasida tenglik yo‘q. Biz tahdidlarga qarshi doimo Isroil bilan birga bo‘lamiz”, deyiladi Oq uy matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan hujjatda.
Baydendan oldin AQSH Milliy Xavfsizlik Kengashi Qo‘shma Shtatalar XJSning hibsga olish uchun order berish borasidagi shoshqaloqligi va bu qarorga olib kelgan muammoli protsessual xatolaridan qattiq xavotirda ekani haqida bayonot bergan edi.
Isroil ham, AQSH ham XJS yurisdiksiyasini tan olmaydi. Sudning o‘z “politsiyasi” bo‘lmagani uchun Rim statutiga a’zo bo‘lgan 124 davlat uning qarorlari ijrosi uchun mas’uldir.
Ayni paytda Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Binyamin Netanyaxu va Yoav Galantning XJS orderlariga muvofiq hibsga olinishi majburiy qaror ekanini aytgan.
“Bu siyosiy qaror emas va sud qarori hurmat qilinishi hamda amalga oshirilishi kerak”, degan Borrel Iordaniyadagi matbuot anjumanida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112306 | Инструменты