Huawei 1
2025-yilda ilk bor Toshkentda M360 Yevroosiyo sammiti o‘tkaziladi

2025-yilning may oyida M360 GSMA Yevroosiyo sammiti ilk bor Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. 18−19-noyabr kunlari Qatarda bo‘lib o‘tgan sammitda ushbu ramziy estafetani raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov qabul qildi, deya xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

M360 sammitlar seriyasi — global telekommunikatsiya tadbirlari bo‘lib, ularni GSM assotsiatsiyasi (GSMA) tashkil qiladi. Ular mintaqalarga bo‘linadi: MENA (Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq), APAC (Osiyo-Tinch okeani), LATAM (Lotin Amerikasi) va Yevroosiyo. Bu platformalar mobil sanoat ishtirokchilari o‘rtasida hamkorlik uchun yaratilgan.

"Mobil va yondash tarmoqlar vertikallaridagi top-menedjerlar o‘z muammo va yutuqlarini muhokama qilish hamda hamkasblari bilan muloqot qilish uchun tashrif buyurishadi", — deyiladi tadbir saytida.

Beeline Uzbekistan kompaniyasining ma’lum qilishicha, 2025-yilning 20−21-may kunlari Toshkentda M360 Eurasia sammitini o‘tkazish bo‘yicha M360 GSMA ma’muriyati, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Beeline Uzbekistan tomonidan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

"Biz M360 Yevroosiyo uchun mintaqamizning chorrahasida bo‘lgan Toshkent shahrida mobil ekotizimni qabul qilishdan mamnunmiz. O‘zbekistonda nafaqat mamlakatimizning gullab-yashnashiga hissa qo‘shadigan, balki mintaqamizning iqtisodiy o‘sishini tezlashtiradigan ulkan raqamlashtirish dasturi mavjud. Biz buni amalga oshirishda mobil tarmoqning rolini qadrlaymiz", — dedi vazir Sherzod Shermatov.

"M360 Yevroosiyo ekotizimimiz uchun aloqa, raqamli xizmatlar va texnologiyalar yordamida o‘sishni qanday oshirishimiz mumkinligini o‘rganish uchun eng muhim mintaqaviy platformalardan biridir. Markaziy va Janubiy Osiyoning dinamik bozorlarida raqamli transformatsiyani amalga oshirish imtiyoziga ega bo‘lgan guruh sifatida biz ushbu muhim tadbirni Toshkentga olib kelish uchun GSMA va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz", — dedi Beeline Uzbekistan direktorlar kengashi raisi va VEON Group bosh direktori Kaan Terzioglu.

"M360 Eurasia 2025`ning Toshkentda ilk bor o‘tkazilishi Markaziy Osiyoda raqamli transformatsiyani ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlarimizda muhim bosqich bo‘ldi. Tadbir barqaror iqtisodiy o‘sish va raqamli inklyuzivlikni rag‘batlantirish uchun mobil aloqadan foydalanishning yangi usullarini o‘rganadi, mintaqada innovatsiyalar va hamkorlikni rag‘batlantirish uchun platforma yaratadi", — dedi GSMA bosh direktori Mats Granryd.

Sammit O‘zbekistonning ijobiy imijini mustahkamlash, ko‘proq kompaniya va investorlarni jalb etish, shuningdek, biznes, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112305 | Инструменты