Oʼzbekiston va Moʼgʼuliston prezidentlari ikki mamlakat ishbilarmonlari bilan uchrashuv oʼtkazdilar

Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Moʼgʼuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv oʼtkazdilar.

Tadbirda Moʼgʼulistonning MCS Investment, Mongol Basalt, Tavan Bogd Group, Asia Pharma, Khanbogd Cashmere, Erdenezoo Trans, ICT Group, ORDGEO, LBH Technology, NCD Group, Mega Wood, Modern Nomads kabi yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Oʼzbekiston tomonidan Basalt Uzbekistan, BMB Holding, New Way Industries, Panaev Farms, Ezel Central Asia, Azia Metall Prof, “Jizzax Jun”, Procab va boshqa xususiy kompaniyalar qatnashdi.

Taʼkidlash lozimki, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan bunday formatdagi uchrashuv Moʼgʼuliston bilan ilk bor oʼtkazildi.

Oʼzbekiston Prezidenti moʼgʼulistonlik yetakchi ishbilarmonlarni va ularning oʼzbekistonlik sheriklarini samimiy qutlar ekan, Moʼgʼuliston Prezidentining Oʼzbekistonga ilk davlat tashrifi ikki tomonlama hamkorlik tarixida muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor alohida taʼkidladi.

– Bu sizning Oʼzbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yoʼlga qoʼyish va mustahkamlashga qaratilgan qatʼiy intilishingizni va alohida eʼtiboringizni yana bir bor tasdiqlaydi, – dedi mamlakat rahbari.

Boʼlib oʼtgan mazmunli va konstruktiv muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikning barcha jihatlari atroflicha koʼrib chiqilgani, mavjud zaxiralar tahlil qilingani va yangi oʼsish nuqtalari aniqlangani qayd etildi

– Biz mavjud salohiyat va imkoniyatlardan deyarli foydalanmayotganimizni taʼkidladik. Shu munosabat bilan yaqin yillarda oʼzaro savdoni, eng avvalo, xaridorgir mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish orqali karrasiga oshirish vazifasini qoʼydik, – dedi Oʼzbekiston prezidenti.

Bular – Moʼgʼulistonga oziq-ovqat, oʼgʼitlar, dori-darmonlar, maishiy texnika, plastmassa va rezina, qurilish materiallari, tayyor toʼqimachilik va poyabzal mahsulotlarini eksport qilish, shuningdek, yurtimizga goʼsht va goʼsht mahsulotlari, teri, jun va boshqa tayyor mahsulotlarni import qilish.

Tez fursatda Moʼgʼuliston va Oʼzbekistonda savdo uylarini ochish va ikki mamlakat poytaxtlarida sanoat koʼrgazmalarini oʼtkazish rejalashtirilgan.

Imtiyozli savdo toʼgʼrisidagi bitim va bozorlarga kirishni yengillashtirish boʼyicha takliflarni tayyorlash boʼyicha kelishuvga erishildi.

Mamlakat rahbari moʼgʼul kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdi.

Ikki davlat iqtisodiyotining bir-birini samarali toʼldirishga qodir sohalarida oʼrta muddatli kooperatsiya dasturini qabul qilish boʼyicha kelishuvga erishilgani qayd etildi.

Bu, birinchi navbatda, geologik qidiruv, boy xomashyo resurslarini oʼzlashtirish va qayta ishlash sohalarida hamkorlik oʼrnatishni oʼz ichiga oladi.

Mazkur strategik sohada birinchi yirik loyihalarni amalga oshirish boʼyicha aniq takliflar tayyorlanadi.

Oʼzbekiston, shuningdek, qishloq xoʼjaligi va turdosh tarmoqlarda Moʼgʼuliston bilan kompleks hamkorlikni rivojlantirish niyatida. Qoraqalpogʼiston, Namangan viloyati va boshqa hududlarda chorvachilik majmualarini barpo etish rejalari qoʼllab-quvvatlandi.

Bundan tashqari, Moʼgʼulistondan chorva, goʼsht va uni qayta ishlash mahsulotlarini import qilish hamda toʼqimachilik va tayyor qishloq xoʼjalik mahsulotlarini eksport qilishga oʼzaro qiziqish bildirildi.

Bu yoʼnalishdagi hamkorlik doirasida “Halol” standartiga mos goʼsht mahsulotlari ishlab chiqarish boʼyicha qoʼshma klasterlar, jun va terini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qoʼshilgan qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish yoʼlga qoʼyiladi.

Tomonlar xususiy biznes tashabbuslarini faol qoʼllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Bu borada ishbilarmon doiralari tomonidan ilgari surilgan yangi biznes gʼoyalari, jumladan, Toshkentda diagnostika markazini ochish, bazalьtni qayta ishlash, yengil sanoat, raqamlashtirish, farmatsevtika va boshqa sohalardagi loyihalar qoʼllab-quvvatlandi.

Sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qoʼllab-quvvatlash maqsadida yil oxirigacha investitsiyalarni oʼzaro himoya qilish va soliqqa tortish tamoyillari boʼyicha asosiy bitimlar qabul qilinadi.

Yetakchilar qoʼshma Ishbilarmonlar kengashining tashkil etilishini olqishladilar. Yangi tashabbuslarni ishlab chiqish uchun yaqinda uning birinchi yigʼilishini oʼtkazish rejalashtirilgan.

Tashrif davomida havo va xalqaro avtomobil aloqasi boʼyicha bitimlar imzolandi, bu ikki davlat oʼrtasida toʼgʼridan-toʼgʼri aviaqatnovlarni yoʼlga qoʼyish va ishbilarmonlik almashinuvlarini faollashtirish uchun mustahkam asos yaratadi.

Transport vazirlariga yuk tashish xarajatlarini kamaytirish boʼyicha takliflar tayyorlash topshirildi.

Davlat rahbari Oʼzbekistonda iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish, qonun ustuvorligi va xususiy mulk daxlsizligini taʼminlash, tadbirkorlarni qoʼllab-quvvatlash va JSTga qoʼshilish jarayonini faollashtirishga qaratilgan keng koʼlamli islohotlar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev moʼgʼulistonlik ishbilarmonlarga yurtimizda ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga tayyor ekanini aytdi.

Oʼz navbatida, Moʼgʼuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux erishilgan kelishuvlar hamda Oʼzbekistonda investorlar va tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholab, biznes vakillarini faol hamkorlikka va yangi loyihalar boʼyicha aniq kelishuvlarga erishishga chaqirdi.

Fikr almashish chogʼida Moʼgʼuliston tadbirkorlari Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ahamiyatini va mamlakatda yaratilayotgan qulay investitsiyaviy va biznes muhitini yuqori baholadilar.

Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qoʼshma loyihalarni amalga oshirish boʼyicha aniq takliflar berildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 71923 | Инструменты