Senat 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini ma’qulladi

Oliy Majlis Senati 2-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish
va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi.

Ushbu qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat-ijroiya va Mehnat kodekslariga hamda bir qator sohaviy qonun hujjatlariga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, quyidagi tizimli muammolarga prinsipial yechimlar taklif etilmoqda.

Qonun bilan 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tekkanlik hamda unga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirganlik uchun uzoq muddatli 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilmoqda.

Shuningdek, bolalarning jinsiy daxlsizligiga qarshi sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish va hukmni ijro etish muddatlarining o‘tib ketganligi qo‘llanilmaydi.

Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish butunlay taqiqlanmoqda.

Jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga protsessual harakatlarga jalb etilgan ilk daqiqalardan e’tiboran davlat hisobidan bepul malakali yuridik yordam ko‘rsatish tizimi joriy etilmoqda.

Zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat qurboni bo‘lgan bola va gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni maxsus tartib bo‘yicha o‘tkazish, jabrlanuvchi bola va ayblanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirishni faqat tergovchi, prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida o‘tkazish belgilanmoqda.

Agar zo‘ravonlik oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, protsessual jarayonlarda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtiroki majburiy qilib qo‘yilmoqda.

Mehnat kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, ta’lim va tarbiya muassasalarida bolani tarbiyalash va unga ta’lim berish borasidagi majburiyatlar o‘z zimmasiga yuklatilgan ta’lim tashkiloti xodimining bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilganligi munosabati bilan uning mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga asos bo‘ladi. Bunday shaxslarning kelgusida bolalar bilan ishlashiga cheklov qo‘yiladi.

Shu bilan birga, ota-onalarning bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmasligi, ularning asosiy ehtiyojlarini qasddan qanoatlantirmasligi, nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishi, shuningdek, bolalarni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va bolalar qayta zo‘ravonlikka uchrashdan qo‘rqib murojaat qilishga ikkilanmasligi uchun, ularning so‘roviga asosan yashash manziliga yozma yoki elektron javob xati yubormaslik tartibi joriy etilmoqda.

Bolani parvarish qilish bo‘yicha majburiyatlarni lozim darajada bajarmaslik, bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini bajarmaslik yoki ularning ijrosiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Insonparvarlik tamoyillari asosida voyaga yetmaganlarga nisbatan “maxsus o‘quv-tarbiya muassasasiga joylashtirish” tarzidagi majburlov chorasi tugatilib, uning o‘rniga muqobil majburlov choralari (ta’lim, tarbiya, ijtimoiy xizmat tashkilotiga joylashtirish, ogohlantirish bilan nazorat ostiga berish) joriy etilmoqda.

Voyaga yetmagan shaxsga qasddan og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish og‘irlashtiruvchi holat sifatida hisobga olinishi taklif qilinmoqda.

Xuddi shunday yondashuvni 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan uyatsiz-hayosiz harakatlarga nisbatan ham qo‘llash taklif etilmoqda. Shuningdek, voyaga yetmaganlarni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlik uchun jazoni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, imzolash uchun prezidentga yuborildi.

Qonunchilikni qat’iylashtirish muhokamasi Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat bolalar bog‘chasining 5 yoshli tarbiyalanuvchisiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq shov-shuvli ish fonida bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur holat yuzasidan 12-sentabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (14 yoshga to‘lmagan shaxsni zo‘rlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bog‘cha xodimi Q.M. qamoqqa olingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100319 | Инструменты