Huawei 1
O‘zbekiston va Qozog‘iston vazirlari Xivada uchrashdi

20 mart kuni Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu Xiva shahriga amaliy tashrif bilan keldi, uning doirasida ikki davlat manfaatdor davlat organlari ishtirokida Qozog‘iston va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirlari kengashining 1-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qozog‘iston TIV xabar berdi.

Qayd etilishicha, tadbir davomida ko‘p qirrali Qozog‘iston-O‘zbekiston hamkorligining keng ko‘lamli masalalari, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, tranzit-transport, suv-energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning holati va yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilingan.

“Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va donoligi tufayli munosabatlarimiz ikki tomonlama hamkorlikning butun spektri bo‘yicha misli ko‘rilmagan yuksak bosqichga ko‘tarildi”, dedi Nurtleu.

Shuningdek, u oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish muhimligini qayd etdi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ikki davlat Prezidentlari hamkorlikni ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama shakllarda izchil kengaytirish bo‘yicha uzoq muddatli yo‘nalish belgilab berganini tasdiqladi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish va sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika va qurilish sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlarni ko‘rishga kelishib oldi.

Ma’lumki, bugungi kunda Qozog‘iston yillik tovar ayirboshlash hajmi 4 milliard AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari uchligi qatoridan joy oldi. Davlat rahbarlarining topshiriqlarini amalga oshirish maqsadida 2030 yilgacha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard AQSH dollariga yetkazish bo‘yicha avval imzolangan Dasturni amalga oshirish va “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini imkon qadar tezroq ishga tushirish muhimligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, tashqi siyosat idoralari rahbarlari Termiz shahridagi Ayritom EIZ hududida Qozog‘iston savdo pavilonining ochilishini olqishlab, Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini kengaytirish istiqbollarini qayd etgan.

Shuningdek, transport va logistika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari alohida ko‘rib chiqildi. Tomonlar ikki davlat va butun mintaqaning tranzit-transport salohiyatini oshirish borasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Bildirilishicha, har ikki davlatga Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga chiqish imkonini beruvchi Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yuk tashish hajmini oshirish va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishda hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligi tasdiqlandi.

Bundan tashqari, tomonlar o‘zaro manfaatlarini hisobga olgan holda suv-energetika sohasidagi sheriklikni yanada mustahkamlash rejalari muhokama qilindi. Bu boradagi hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi Qambaratin GES-1 qurilishi bo‘yicha uch tomonlama loyihani ilgari surishdir.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 32204 | Инструменты