Huawei 1
Para sportchilarimiz bilan ishlaydigan sport psixologlari faoliyatini kuchaytirish uchun ularni rag‘batlantirish bo‘yicha alohida tizim joriy etiladi

Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini himoya qilgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

Yurtimizda sport va jismoniy tarbiya sohasini, paralimpiya harakatini ravnaq toptirishga berilayotgan eʼtibor, imkoniyati cheklangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularga inklyuziv sharoit yaratish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

O‘tgan yildan boshlab Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyat boshlagan. Adaptiv sportni rivojlantirish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportning ushbu yo‘nalishiga jalb etish maqsadida Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi tashkil qilindi.

Prezident Parij maydonlarida erishilgan tarixiy g‘alabalarda ularning ham munosib hissasi borligini qayd etib, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi hamda barcha sport federatsiyalari rahbarlari va faollariga ham samimiy minnatdorlik bildirdi.

Kelgusida yurtimizda parasport turlari bilan birga nogironligi bo‘lgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sport turlarini ham keng rivojlantirishga alohida ahamiyat berilishi taʼkidlandi.

Asosiy eʼtibor nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvini taʼminlashga qaratiladi.

Parijda erishilgan natijalarni atroflicha tahlil qilib, 2028 yilda Los-Anjelesda bo‘ladigan Paralimpiya o‘yinlari uchun tayyorgarlikni hozirdan boshlash kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Para atletlarimiz yugurish, yadro va nayza uloqtirish, uzunlik va balandlikka sakrash bo‘yicha musobaqalarda juda faol ishtirok etishdi. Endi bunday sport turlaridagi ishtirokni yana-da kengaytirish lozimligi qayd etildi.

Kelgusi Paralimpiya o‘yinlarida amalda yuksak samara berayotgan sport turlari qatorida para suzish va o‘q otish kabi bellashuvlar bo‘yicha ham tayyorgarlik va natijadorlik yuqori bo‘lishi uchun aniq strategiya asosida ish olib borish lozimligi taʼkidlandi.

Buning uchun, sportchilarimizga barcha sharoitlar yaratib berilishi aytildi.

Xususan, ularni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, farmakologiya va diyetologiya bo‘yicha ishlar kuchaytiriladi.

Shuningdek, para sportchilarimiz bilan ishlaydigan sport psixologlari faoliyatini kuchaytirish uchun ularni rag‘batlantirish bo‘yicha alohida tizim joriy etiladi.

Bunga erishish uchun tegishli vazirlik, sport federatsiyalari hamda sportchilarning taklif va mulohazalari asosida maxsus dastur ishlab chiqiladi.

Kuni kecha Prezident XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari, ularning murabbiylari hamda sport delegatsiyamiz aʼzolaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Bugungi marosimda davlat rahbari ushbu yuksak mukofotlarni o‘z sohiblariga tantanali topshirdi.

So‘zga chiqqan sportchilar, murrabiy va ota-onalar qaratilayotgan eʼtibor va yaratilgan sharoitlar, eʼtirof va rag‘bat uchun minnatdorlik bildirdi.

Prezident ularga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va farovonlik, kelgusi faoliyatida yangi-yangi zafarlar tiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91808 | Инструменты