Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif kecha O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayevni qabul qildi.
Pokiston Bosh vaziri O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga o'zining samimiy salomini yetkazishni so'radi hamda Toshkentga amalga oshirilgan tashrif chog'ida o'zi va delegatsiyasiga ko'rsatilgan mehmondo'stlik uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Hukumat rahbari, shuningdek, tashrif doirasida ikki mamlakat o'rtasida yuksak darajadagi muvaffaqiyatlarga erishilganini, o'zaro munosabatlar yangi bosqichga olib chiqilgani, jumladan, oliy darajadagi Strategik sheriklik kengashi tuzilgani, turli sohalarda qator muhim bitim va memorandumlar imzolanganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bosh vazir Shahboz Sharif Toshkentdan qaytgach, tegishli soha vazirlariga oliy darajada erishilgan kelishuvlarni o'z vaqtida ijrosini ta'minlash bo'yicha topshiriq berganini bildirdi.
Iqtisodiy diplomatiya yo'nalishidagi hamkorlikni jadallashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning asosiy ustuvor yo'nalishlarini aniq belgilab olish, ikki tomonlama savdoni keskin oshirish kerakligiga e'tibor qaratildi. O'zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo'yicha "Yo'l xaritasi"ni ishlab chiqish zarurligi ta'kidlandi.
Sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlik masalalari ham alohida ko'rib chiqildi. Avtomobilsozlik, tog'-kon sanoati, axborot texnologiyalari, qayta tiklanuvchi energetika, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, infratuzilma obyektlarini birgalikda bunyod etish sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirish o'zaro hamkorlikning yangi yo'nalishlari sifatida ko'rsatib o'tildi.
Ikki davlat tadbirkorlari o'rtasida bevosita muloqot platformasini shakllantirish, banklararo operatsiyalarni yana-da soddalashtirish, muntazam asosda biznes-forumlar va hududlararo hamkorlik tadbirlarini o'tkazishning muhimligi qayd etildi.
Transafg'on temir yo'li qurilishini jadallashtirish, o'zaro aviaqatnovlar soni oshirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish, turizm va madaniy tadbirlarni tashkillashtirish mintaqaviy bog'liqlik tashabbusini hayotga tatbiq etishning uzviy qismlari hisoblanishiga urg'u berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31418 | Инструменты