Hokim ham, kengash raisi ham, avvalo, o‘z hududida yashayotgan aholi manfaatlarini yetakchi o‘ringa qo‘yib, bir jamoa bo‘lib ishlashi lozimligi qayd etildi.
Ayni paytda Konstitutsiyada belgilanganidek, tuman, shahar va viloyatlar miqyosida qonun hujjatlarini so‘zsiz ijro etish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirish uchun hokimlar masʼul va javobgar.
Senat esa mahalliy hokimlik va kengashlar hamjihat faoliyat yuritishi, o‘zaro munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etishi uchun ularga yaqindan yordam berishi ushbu jarayonlarni to‘g‘ri tashkil etishga xizmat qilishi bildirildi.
Prezident yuqori palatani tuman va shahar kengashlariga ham hokimlar raislik qilmasligi bo‘yicha islohotga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi.
Yangilangan Konstitutsiya talabi asosida mahalliy kengashlar yaqinda hokimlarni lavozimga tasdiqlashda ularning hududni rivojlantirishga oid dasturlarini ilk bor ko‘rib chiqib, maʼqulladi.
Xalqimiz deputatlardan bu dasturlardagi vazifalar ijrosi bo‘yicha deputatlik va kengash nazoratini amalga oshirishda faol va tashabbuskor bo‘lishni kutmoqda.
2025 yildan yer, mol-mulk va aylanma soliqlarini to‘liq, daromad solig‘ining esa kamida 50 foizini tuman va shaharning o‘zida qoldirish rejalashtirilgan. Bu orqali mahalliy kengashlarning ushbu sohadagi roli yana-da ortadi.
Natijada 2025 yilda tuman va shaharlar byudjetlari daromadi 9,4 trln so‘mga yoki 47 foizga oshadi.
Bu islohotlar tuman va shaharlar o‘z hududidagi muammolarni mustaqil hal etish imkoniyatini tubdan oshirish barobarida yeengashlardan yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qiynayotgan masalalar yechimi bo‘yicha asosli tashabbuslarni ilgari surishni ham taqozo etadi.
Senat esa bu yo‘nalishlarda mahalliy kengashlar faoliyatini tizimli tahlil qilib, ularga ko‘maklashib borishi zarur.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111914 | Инструменты