Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida yuqori martabali mehmonlarni taqdirlash marosimi o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Turkiya yetakchisi Rejep Tayyip Erdog‘an hamda Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovni "Turkiy dunyoning oliy ordeni" bilan mukofotladi.Ushbu mukofot 2019-yildan beri sammit ishtirokchilariga topshirib kelinadi. Bokuda o‘tkazilgan sammitda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevga ushbu ordenni topshirgan edi.
2021-yilda esa Turkiya prezidenti Ozarbayjon yetakchisini ayni orden bilan mukofotlagan.
"Hurmatli Rejep Tayyip Erdog‘an Janobi Oliylari!
Sizning barcha qardosh ellarimizga bo‘lgan cheksiz mehru muhabbatingiz, hurmat va ehtiromingizni hammamiz yaxshi bilamiz va alohida qadrlaymiz.
Turkiy davlatlar mustaqilligini mustahkamlash, ularning manfaat va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surish borasidagi jonbozligingiz ham albatta tahsinga sazovor.
Sizga taqdim etilayotgan yuksak orden turkiy oilamiz jipsligi va ahilligini, uning yana-da hamjihatligini kuchaytirish borasidagi xizmatlaringizning amaliy eʼtirofi, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.
Sizni ushbu oliy mukofot bilan anjumanimizning barcha ishtirokchilari nomidan samimiy tabriklayman", — Mirziyoyev.
Shuningdek, marhum atoqli adib Chingiz Aytmatov Turk dunyosi birligini taʼminlashga qo‘shgan hissasi uchun Alisher Novoiy nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlandi.
Eslatib o'tamiz, kecha Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyip Erdog‘anni "Oliy darajali Imom Buxoriy" ordeni bilan taqdirlagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112301 | Инструменты