Rossiya Oʻzbekistonga epidemiologik xavf-xatarlarga qarshi kurashish uchun mobil laboratoriya topshirdi

Sogʻliqni saqlash vazirligida Rossiya Federatsiyasining Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) rahbari — bosh davlat sanitariya shifokori Anna Popova boshchiligidagi delegatsiya qabul qilindi.

Bugungi kunda SSV huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi va “Rospotrebnadzor” oʻrtasida yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Uchrashuvda vazir v.b. Asilbek Xudayarov COVID-19 pandemiyasi yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish muhim ekanligini koʻrsatgani, shu bois uning oldini olish boʻyicha hamkorlikda faoliyat olib borish lozimligini aytib oʻtdi.
Shuningdek, 2021-yilda ikki davlat oʻrtasida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash borasida hamkorlik dasturini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl haritasi” imzolangan.

“Rospotrebnadzor” rahbari Anna Popova taʼkidlaganidek, ikki davlat oʻrtasida aholining sanitariya-epidemilogiya osoyishtaligini taʼminlash, oʻta xavfli yuqumli kasalliklarni oldini olish borasida hozirda 5 ta qoʻshma loyiha amalga oshirilayotgan boʻlib, kelgusida ushbu hamkorlikni yanada kengaytirish sohani takomillashtirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv davomida “Rospotrebnadzor” tomonidan III avlod indikator va monitoring mobil laboratoriyasi taqdim etildi. Ushbu zamonaviy laboratoriya bakterial va virusli oʻta xavfli yuqumli kasalliklarga qarshi tezkor choralar koʻrish, epidemiologik tekshiruvni amalga oshirish, jumladan, biologik material yoki bevosita infeksiya oʻchogʻidagi atrof-muhit obyektlarining oʻziga xos koʻrsatkichlarini yigʻish hamda namunalar olishga moʻljallangan.

Laboratoriyadan favqulodda vaziyatlarda yuqumli kasalliklarning tabiiy oʻchoqlariga kirib borib, epidemiologik va epizootologik monitoring oʻtkazishda foydalanish mumkin. Unda diagnostik tadqiqotlar PZR, Immunoferment tahlili (IFA), Immunoxromatografik tahlil (IXA), fluorestik antitanalar usuli (MFA) yordamida amalga oshiriladi.

Zamonaviy avtolaboratoriya biologik xavfsizlikni taʼminlash vositalari, xususan, havo toʻlqinini nazorat qiluvchi tizim, III avlod mikrobiologik xavfsizlik va PZR bokslari, shaxsiy himoya vositalarini yechish uchun izolyasiya qilingan xona, masofadan turib boshqariluvchi ultrabinafsha dezinfeksiya tizimi, materialning laboratoriyaga kiritilishi uchun shlyuz-kamerasi bilan jihozlangan.

Tomonlar mazkur mobil laboratoriyada faoliyat koʻrsatadigan, sanitariya-epidemiologiya sohasidagi favqulodda vaziyatlarda tezkor ishga kirisha oladigan mutaxassislarni yaqin kelajakda oʻqitish va malakasini oshirish boʻyicha ham kelishib oldi.

A. Xudayarov taʼkidlaganidek, bundan avval ham ikki davlat hududida yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik dasturini amalga oshirish doirasida 4 ta mobil mikrobiologik ekspress-diagnostika laboratoriyalari taqdim etilgan boʻlib, ular Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro va Surxondaryo viloyatlari hamda Orol dengizining qurib borayotgan hududlarida oʻta xavfli infeksiyalar oʻchoqlarining shakllanish xususiyatlarini birgalikda oʻrganishda qoʻl kelmoqda.

Shuningdek, Rossiya tomonidan togʻli, chekka hududlarda tibbiy yordam koʻrsatuvchi 2 ta zamonaviy jihozlangan koʻchma diagnostika majmuasi ajratilgan boʻlib, hozirda ulardan shunday joylarda yashovchi aholida OIV, virusli gepatit, sifilis va boshqalarga bepul tarzda tahlil olish uchun mobil punkt sifatida foydalanilmoqda.

Uchrashuvda tomonlar mikroblarga qarshi preparatlarga chidamlilikni oldini olish dasturini amalga oshirish, OIV infeksiyasiga qarshi kurashish, bu borada laboratoriya tahlillari bilan bogʻliq masalalarni birgalikda oʻrganish kabi qator masalalar yuzasidan oʻzaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha ham oʻzaro fikr almashdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72710 | Инструменты