Joriy yilning 19-dekbar kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning O‘zbekistondagi missiyasi rahbari Endryu Grey bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot bilan olib borayotgan faol hamkorligi, tashkilotning xavfsiz, tartibli va muntazam migratsiyani targ‘ib qilish bo‘yicha faoliyati O‘zbekistonning milliy ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq mos kelishi qayd etildi.
Shuningdek, uchrashuvda so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda migratsiya sohasidagi ishlarga davlat siyosati darajasida alohida eʼtibor qaratilayotgani, bu borada 2019 yilda Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning to‘liq aʼzosi sifatida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani eʼtirof etildi.
Suhbat chog‘ida mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish va yangi mexanizmlarni amaliyotga joriy etish maqsadida 16 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani va yangi ishga joylashish mexanizmlari joriy etilgani, taʼlim dasturlari, imtiyozli kreditlash va Vatanga qaytgan migrantlarni qo‘llab-quvvatlash tizimlari tashkil etilgani aytib o‘tildi.
Shuningdek, O‘zbekiston mehnat migratsiyasi bozorlarini diversifikatsiya qilish, anʼanaviy yo‘nalishlarga bog‘liqlikni kamaytirish va migrantlarning ijtimoiy himoyasini taʼminlashni kuchaytirish borasida fikr almashildi.
Uchrashuv davomida tomonlar migratsiya boshqaruvini takomillashtirish, xavfsiz va tartibga solinadigan migratsiya jarayonlarini taʼminlash, migrantlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan amaliy choralarni ko‘rish yuzasidan yana-da faol ish olib borishdan manfaatdorligini bildirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122018 | Инструменты