Huawei 1
Senator Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator Gulnora Marufova Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik: Markaziy Osiyo mintaqasi va Afg‘onistonda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashda ayollarning roli” mavzusidagi Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi.

Forumda Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlarining ayol vakillari, faol xotin-qizlar, qator xalqaro tashkilotlarning ekspert va mutaxassislari ham ishtirok etdi. Ishtirokchilar tinchlik o‘rnatishda ayollar yetakchiligi, iqlim o‘zgarishiga gender moslashuvi va transchegaraviy suv resurslarini boshqarish masalalarini muhokama qildilar.

So‘nggi yillarda muloqot mintaqada tinchlik, xavfsizlik va gender tenglik masalalarini muhokama qilish uchun talab etilgan platformaga aylandi.

2021–2023-yillarda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistonning mazkur Forumga raisligi doirasida erishilgan yutuqlarga alohida urg‘u berildi.

Ushbu davrda gender tenglik va ayollarni qo‘llab-quvvatlash sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilindi. Gender istiqbollarini milliy siyosatga integratsiya qilish, raqamli inklyuzivlikni kengaytirish, tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash hamda atrof-muhit barqarorligi va tinchlik o‘rnatishda ayollar yetakchiligini kuchaytirish bo‘yicha muhim yutuqlarga erishildi.

2024-yilda Qirg‘iziston raisligi davrida ushbu tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom ettirildi.

Senator O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev boshchiligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilinayotgan chora- tadbirlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Xususan, G.Maʼrufova 2025 yilda ayollar huquqlarini himoya qilish va gender tenglikni taʼminlash bo‘yicha global harakatga asos bo‘lgan asosiy hujjat – Pekin harakatlar platformasi qabul qilinganiga 30 yil to‘lishini taʼkidlab o‘tdi.

Forum yakunlari bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirish va mintaqaviy miqyosda qarorlar qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlarning rolini kuchaytirishga qaratilgan tavsiyalar qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100721 | Инструменты