Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tdi.
Uch yil oldin qabul qilingan xizmatlar sektorini rivojlantirish bo‘yicha katta dastur bugun natijasini berayotgani taʼkidlandi.
Qo‘shimcha 1,5 million aholi servis sohasida doimiy daromadga ega bo‘ldi. Xizmatlar 2018-yildagi 19 milliarddan 65 milliard dollarga oshdi (o‘sish – 3,5 barobar).
Ayniqsa, IT, moliyaviy xizmatlar, turizm, aviatsiya, taʼlim va tibbiyot sohalarida “katta sakrash” bo‘ldi.
So‘nggi yetti yilda aholi daromadi va to‘lov qobiliyati 2 karra o‘sgani natijasida aholida yangicha xizmat va servis turlariga talab ortmoqda.
Shunga yarasha vazirlar va hokimlar talabga mos ravishda xizmatlarni rivojlantirishi kerakligi qayd etildi.
Servisni rivojlantirish bo‘yicha vazir va hokimlarda yondashuv har xilligi, birgalikda ishlash yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, Xorazmga 6 million mahalliy va xorijiy sayyoh olib kelish reja qilingan bo‘lsada, Xorazmga haftasiga 52 ta aviareys va 23 ta poyezd qatnovida tashilayotgan yo‘lovchilar yiliga 800 mingdan oshmayapti. Buxoro va Samarqandga kelgan turistlarning ko‘pchiligi Xivaga aviareys bo‘lmagani uchun qaytib ketayapti.
Yana bir misol, yetti yilda xususiy klinikalar soni 3 karra oshdi. Ko‘p klinikalar olib kelingan brend tibbiy uskunalarni ro‘yxatdan o‘tkazish 6 oygacha cho‘zilayotganidan norozi bo‘lib, chetdan keladigan uskunalarni soddalashgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish taklifini beryapti.
Joylarda tibbiy laboratoriya ochish uchun tadbirkorlar akkreditatsiyadan o‘tishga oylab vaqt sarflayapti. To‘siqlar juda ko‘p. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir viloyatda 10 nafardan shunday tadbirkorlar bor. Ular 1 million dollardan pul tikib, laboratoriya ochishga tayyor.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20712 | Инструменты