Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tdi.
So‘nggi yillarda tungi iqtisodiyotni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Olmazor tumanidagi 17 ta ko‘chadan o‘tgan 7,3 kilometr uzunlikdagi yo‘lni gastronomik ko‘chaga aylantirish loyihasi maʼqullandi. Ushbu ko‘chada 250 ta savdo va servis obyektlari tashkil qilinib, kamida 1,5 ming ish o‘rni yaratiladi.
Poytaxtdagi yana 26 ta ko‘chani tunu-kun ishlaydigan gavjum ko‘chaga aylantirish, 24 soat ishlaydigan savdo nuqtalarini 1 mingtaga ko‘paytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Turistlar bildirgan fikrlarni inobatga olib, turizm va servis joylarini kechqurun ham ishlaydigan qilish kerakligi taʼkidlandi.
Yig‘ilishda bu yildan tumanlarda servisni rivojlantirish bo‘yicha yangicha yondashuv bo‘lishi aytildi.
Hududlarda 1 ming 156 ta “drayver” loyiha tanlab olinib, tasdiqlandi. Bu loyihalar infratuzilmasiga 1 trillion so‘m beriladigan bo‘ldi.
Buning hisobiga tadbirkorlar bilan birgalikda joriy yilda 72 ta sohil bo‘yi dam olish maskanlarini ishga tushirish, 62 ta istirohat bog‘larini zamonaviy qiyofaga keltirish, 154 ta tunu-kun ishlaydigan turizm va gastronomik ko‘chalarni tashkil qilish, 364 ta yo‘l bo‘yi va boshqa servis obyektlarini barpo qilish rejalashtirilgan.
Magistral va mahalla ichki yo‘llariga katta eʼtibor berilmoqda. Lekin xizmatlar rivojiga katta turtki beradigan tumanlararo yo‘llar masalasi ochiq qolmoqda.
Shu munosabat bilan hokimliklar oldiga 50 ta tumanlararo yo‘l infratuzilmasini yaxshilash vazifasi qo‘yildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20715 | Инструменты