Huawei 1
Masofaviy xizmatlar eksportini yangi bosqichga olib chiqish vaqti kelgani taʼkidlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tdi.

Yig'ilishda kreativ sohalar – IT, turizm, loyiha, dizayn, injiniring kabi xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha aniq ish va natija kerakligi qayd etildi.

Yangi farmonga ko‘ra, 1 martdan 6 oy davomida sotilmagan 10 ming kvadratgacha bo‘lgan davlat obyektlari tadbirkorlarga 10 yilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi.

To‘rt yil davomida ijara vaqtida to‘lansa, bu joy tadbirkorga xususiylashtirib beriladi.

Yoshlarni IT va chet tiliga o‘qitib, xalqaro tan olingan sertifikat beradigan tadbirkorlar birinchi yil ijara to‘lamasligi belgilandi.

Buning hisobiga bu yil har bir viloyatda 5 tadan davlat obyektini tadbirkorlarga ijaraga berib, kamida 100 ming yoshlarni IT va chet tiliga o‘qitish zarurligi taʼkidlandi.

Masofaviy xizmatlar eksportini yangi bosqichga olib chiqish vaqti kelgani taʼkidlandi.

Faqat texnik xizmat ko‘rsatish bilan cheklanmay, buxgalteriya, konsalting, sug‘urta, yuridik va boshqa professional xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yish kerakligi qayd etildi.

Mutasaddilarga xorijiy davlatlarning xizmatlar importini va talablarini tahlil qilib, o‘quv dasturlarini shunga moslash va tegishli mutaxassislarni tayyorlash topshirildi.

Bu yil kreativ iqtisodiyotdagi startap loyihalar uchun 50 million dollar ajratildi.

Misol uchun, “Amazon”da ishlab, Nukusga qaytib kelgan Beknazar Abdukamolov startap loyihasiga “Facebook”dan 3 million dollar jalb qilgani uchun bugungi kunda aktivlari 15 million dollarga baholanmoqda.

Hozirda dunyoning yirik IT kompaniyalarida ishlayotgan bunday yuzlab yoshlarimiz bor. Raqamli texnologiyalar vazirligiga eng avvalo shunday yoshlar bilan birgalikda startap loyihalarini amalga oshirish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Umuman, 2025 yilda IT xizmatlari hajmini 30 foizga o‘stirib, 80 trillion so‘mdan, eksportini 1 milliard dollardan oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20715 | Инструменты