Prezident raisligida 2028-yilgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni kuchaytirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo'lib o'tdi.
Yig‘ilishda taʼkidlanganidek, eng asosiy masala – parasportchilarni tayyorlashda ularning nogironlik toifasini barvaqt aniqlashni yo‘lga qo‘yish zarur.
Mutasaddilarga ikki oyda “Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi klassifikatsiya kodeksi” talablari asosida Milliy klassifikatsiya qoidalarini tasdiqlash bo‘yicha topshiriq berildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga parasportchilarga klassifikatsiyadan o‘tkazish va ularga tibbiy xizmat ko‘rsatishga ko‘maklashadigan tibbiyot mutaxassislarini biriktirish topshirildi.
So‘nggi yillarda sportga xususiy sektor kirib keldi.
Lekin olimpiya sport musobaqalari haligacha faqat davlat sport maktablari o‘rtasida o‘tkazilayapti. Yaʼni, bu musobaqalar xususiy klublar uchun yopiq. Xususiy klublar faqat noolimpiya sport musobaqalarida qatnashib yurishga majbur.
Davlat sport maktablariga katta mablag‘ berilayapti. Lekin, terma jamoalardagi yoshlarning atigi 20 foizi shu maktablardan chiqayapti.
Endilikda xususiy sport klublarining yagona reyestri yuritilishi, ularning faoliyati bo‘yicha standart va mezonlar yaratilishi belgilandi. Yoshlarning qamrov darajasiga qarab klublarga bepul sport jihozlari ajratiladi. Xususiy trenerlarga o‘zini o‘zi band qilish huquqi beriladi.
Muhimi, xususiy klublardagi yoshlarimiz barcha musobaqalarda o‘z nomidan ishtirok etishi mumkin bo‘ladi va natijasiga qarab terma jamoalarga qabul qilinadi.
Shuningdek, Toshkent shahrida 5 ta, viloyatlarda 1 tadan past quvvatlarda ishlayotgan sport maktabini xususiy sheriklikka berish bo‘yicha loyihalarni boshlashga ko‘rsatma berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21317 | Инструменты