Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida mahkumlarni axloqan tuzatish ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mahkumlarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, jinoyat-ijroiya qonunchiligini xalqaro huquqning jazoni ijro etish hamda mahkumlar bilan muomalada bo‘lishga taalluqli prinsiplari va normalari bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Lekin qonunchilikka ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, mahkumlarning qonunga itoatkor xulq-atvorini, insonga, jamiyatga, mehnatga, jamiyat turmushi qoidalari va an’analariga hurmat munosabatini rag‘batlantirishga qaratilgan normalarni kiritish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu loyiha bilan Jinoyat kodeksiga kitob o‘qishga jalb qilish orqali mahkumlarni axloqan tuzatish bo‘yicha yangi 74-1-modda kiritilmoqda. Unga ko‘ra, faqat jazo muddatini to‘liq o‘tashi lozim bo‘lgan mahkumlarga nisbatan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha 1 ta kitob o‘qigan va belgilangan tartibda imtihon topshirgan taqdirda jazosini 3 kunga qisqartirish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ushbu kodeksning 73, 74-moddalari asosida esa jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki yengilrog‘i bilan almashtirish masalasini hal etish vaqtida inobatga olinishi belgilanyapti.
Bundan tashqari, o‘zini o‘zi tarbiyalash yo‘li bilan tuzalish yo‘liga o‘tganligini tasdiqlovchi harakatlarni bajarishi munosabati bilan jazo muddatini qisqartirishni protsessual tartiblari hamda zarur bo‘lgan adabiyotlar bilan ta’minlashni belgilash bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksi 536-1-moddasi, Jinoyat-ijroiya kodeksi 80-1-moddasi bilan to‘ldirish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi mahkumlarni ijtimoiy foydali mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishga jalb qilish orqali axloqan tuzatish ishlari samaradorligini oshirishga hamda qonunning tarbiyaviy ta’sirni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21320 | Инструменты