Texnik tartibga solish agentligi to‘liq isloh qilinib, Hukumat tarkibiga o‘tkazilishi belgilandi

Prezident raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yilda turgan vazifalar bo‘yicha yig‘ilish bo'lib o'tmoqda.

Ayrim korxonalarimizda xalqaro sertifikat yo‘qligi uchun global logistika zanjirlariga qo‘shila olmayapti. Iqtisodiyotning drayver sohalarida xalqaro standartlarni joriy qilish darajasi 35 foizga ham yetmaydi.

Shu bois, Texnik tartibga solish agentligi to‘liq isloh qilinib, Hukumat tarkibiga o‘tkazilishi belgilandi.

Umuman, ushbu sohadagi barcha huquqiy jarayonlarni talab darajasiga yetkazish uchun adliya vaziri A.Toshqulov masʼul etib belgilandi. Ikki oyda sohani tartibga solmasa, lavozimidan ozod etilib, ushbu agentlikka rahbar etib tayinlanishi haqida ogohlantirildi.

Mutasaddilarga 2024 yilda eng ko‘p eksport bo‘ladigan Yevropadagi 10 ta davlat bilan milliy sertifikatni ikki tomonlama tan olish bo‘yicha kelishuvga erishish, 1,7 mingta xalqaro standart va 19 ta texnik reglamentni qabul qilish, 1,2 mingta korxonada xalqaro sifat tizimlarini joriy etish, sifati kafolatlangan mahsulotlar turini 4 mingtadan 7,5 mingtaga yetkazish topshirildi.

Joriy yilda “GSP+” tizimi orqali Yevropaga eksport qilinadigan tovarlar turini 700 taga, hajmini 1,2 milliard dollarga yetkazish zarurligi taʼkidlandi.

Eksportni kreditlashga 200 million dollar resurs berilgan. Bundan tashqari, bu yil eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashga 800 milliard so‘m yo‘naltirilmoqda.

Lekin, Eksport agentligi tarmoq va hudud rahbarlari bilan birgalikda bu mablag‘lardan samarali foydalanishini taʼminlay olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, eksport oldi moliyalashtirish uchun imtiyozli shartlarda ajratilgan har bir dollarga o‘rtacha 5 dollarlik eksport to‘g‘ri kelayapti. Lekin, elektrotexnikada 2,5 dollar, qishloq xo‘jaligida va farmatsevtikada 3 dollarni tashkil qiladi.

Achinarlisi, ayrim korxonalarning eksport hajmi olingan kreditdan kam bo‘lgan bo‘lsa, baʼzilari kredit olib, umuman eksport qilmagan.

Shuningdek, o‘tgan yili xalqaro standart joriy qilish va sertifikat olish uchun 4,5 milliard so‘m mablag‘ berilgan 31 ta korxona eksport bilan shug‘ullanmagan.

Eksport agentligi eksportchilarga haqiqiy ko‘makchi bo‘lish o‘rniga davlatdan berilgan tayyor pulni yo‘naltiradigan “buxgalter-kassir”ga aylanib qolgani tanqid qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61307 | Инструменты