Prezident raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yilda turgan vazifalar bo‘yicha yig‘ilish bo'lib o'tmoqda.
YIg'ilishda mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazishda ishonchli logistika zanjirlarini tashkil qilish bo‘yicha o‘z yechimini kutayotgan masalalar tahlil qilindi.
Masalan, ayrim mamlakatlarda yuk tashishda qo‘shimcha yig‘imlar mavjud, haydovchilar uchun viza rejimi murakkab, avtotransport uchun vazn talablarini muvofiqlashtirish yakuniga yetkazilmagan, portlarda eksport tovarlarini saqlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan terminallar yo‘q.
Bu masalalar bilan lozim darajada shug‘ullanmayotgani uchun transport vaziri Ilhom Mahkamov ogohlantirildi.
Investitsiya vazirligiga logistikadagi muammolarni yechish, mintaqaviy va yirik xalqaro loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha bir qator topshiriqlar berildi.
Strategik temir yo‘l koridorlarini barpo etish doirasidagi ishlarni faollashtirish lozimligi qayd etildi.
Mutasaddilarga xorijiy mamlakatlarda mahalliy tashuvchilarimiz uchun viza rejimini soddalashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Prezident investitsiya sohasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi. So‘nggi olti yilda sanoatga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 7 barobar oshdi.
Lekin, kompleks, tarmoq va hudud rahbarlarida har bir dollar investitsiya qancha ish o‘rni yaratgani, qo‘shilgan qiymat va eksport qanchaga oshgani borasida tahlil yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, O'zbekistonda sementga yillik ehtiyojni ortig‘i bilan qoplay oladigan ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilgan.
Lekin, mutasaddilar sementdan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ko‘paytirish, ekologiyaga zararli taʼsirni kamaytiruvchi texnologiyalarni joriy qilish o‘rniga yana 22 ta sement zavodi qurish taklifini berayotgani ajablanarli.
Yoki so‘nggi uch yilda chetdan 14,2 milliard dollarlik asbob-uskunalar olib kelindi. Lekin, shuncha texnologiya kiritilayotgani bilan hududlarning sanoat eksporti shunga mutanosib oshmagan.
"Shuncha mablag‘ hisobiga sanoat va eksport o‘smayapti-mi, demak yo loyiha “shishirilgan”, yo keraksiz uskuna olib kelingan, yoki bu texnologiyalarni ishlatishni biladigan mutaxassis yo‘q", - dedi davlat rahbari.
Bosh prokuraturaga chetdan karra-karra qimmat narxda kirayotgan uskunalarni aniqlash va bunga chek qo‘yish bo‘yicha nazorat tizimini yaratish topshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61306 | Инструменты