Prezident raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yilda turgan vazifalar bo‘yicha yig‘ilish bo'lib o'tmoqda.
Yig'ilishda ayrim rahbarlarning xorijiy davlatlarga borib, investitsiya jalb qilish bo‘yicha ishlari kutilgan natijasini bermayotgani qayd etildi.
Masalan, Farg‘ona viloyati hokimi 2022 yilda Yaponiya va Germaniyaga, 2023 yilda Koreya va Xitoyga borib 1,8 milliard dollarlik 42 ta loyiha bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Lekin, bir yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, 1,5 milliard dollarlik 39 ta loyiha bo‘yicha hali ish boshlanmagan.
Shu kabi, Sirdaryo viloyati hokimi oxirgi 2 yilda Koreya va Xitoyga borib, bor yo‘g‘i 180 million dollarlik 17 ta loyiha bo‘yicha shartnoma qilgan. Shundan hozirda 6 ta loyihadagi ishlar to‘xtab qolgan.
Tashriflarda hokimlar milliard-milliard dollarlik loyiha takliflarini xorijiy hamkorlar bilan ishlab chiqib, ularni dasturga kiritgan bo‘lishiga qaramay, loyihani yurgizish masalasini o‘z holiga tashlab qo‘ygan.
Shu bois, bu loyihalar bilan Investitsiya vazirligining o‘zi shug‘ullanishi belgilandi.
Investitsiya vaziriga tarmoq rahbarlari bilan birga 41 ta loyiha bo‘yicha barcha hisob-kitoblarni qilib, loyiha oldi hujjatlarini ishlab chiqib, xorijiy investorlar va moliya institutlariga taqdimot qilish va amaliy ishlarni boshlash topshirildi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi ham faqat forumlar o‘tkazish bilan cheklanib qolgani tanqid qilindi.
Agentlikning tumanlar kesimida investitsion xaritasi ham yo‘q. Agentlik rahbari M.Mirzayevni egallab turgan lavozimidan ozod etishga ko‘rsatma berildi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevga har bir hudud va tarmoqdagi o‘tgan yilgi qoloqliklarni hisobga olgan holda yangilangan investitsiya dasturini kiritish topshirildi.
Investitsiya vazirining 3 ta o‘rinbosari xorijiy investitsiya ko‘p talab qiladigan tarmoqlarga, sog‘liqni saqlash va transport sohalariga investitsiya jalb qilish uchun masʼul etib biriktirildi.
Yig‘ilishda kompleks rahbariyati, tarmoq va hududlar rahbarlari 38 milliard dollarlik, bunga qo‘shimcha Energetika vazirligi 15 milliard dollar investitsiya jalb qilish bo‘yicha rejalarini bayon qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61306 | Инструменты