Fuqaro E. N. Navoiy shahrida joylashgan “Navoiy-Saxovat manzili” MCHJga tegishli umumiy ovqatlanish maskanida isteʼmolchilar huquqlarini cheklash holatlari mavjudligi sababli tegishli chora ko‘rish yuzasidan Raqobat qo‘mitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida isteʼmolchilar uchun jamiyatning to‘liq nomi va soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) hamda ushbu maʼlumotlarni skanerlash imkonini beruvchi maxsus QR-kod, ish rejimi to‘g‘risidagi maʼlumotlar va mahsulotlarda narxnomalar qo‘yilmaganligi, shuningdek umumiy ovqatlanish mahsulotlarining tayyor taomlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar isteʼmolchiga davlat tilida taqdim etilmaganligi holatlari aniqlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Navoiy-Saxovat manzili” MCHJga nisbatan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarni) ishlab chiqarish va sotish Qoidalari” talablari buzilishi alomatlari bilan ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, jamiyat masʼuliga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sud organiga yuborildi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan 30 dan ortiq korxonaga tegishli ta'sir chorasi qo'llanilgani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31206 | Инструменты