Vazirlar Mahkamasining “2024-yil hosilidan bug‘doy xarid qilish va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2024-yil hosilidan sug‘oriladigan maydonlarning har gektaridan o‘rtacha 2,5 tonnadan, jami 2 mln 550 ming tonna bug‘doyning, jumladan:
- 1 mln 513 ming tonnasi fermer xo‘jaliklari hamda boshqa bug‘doy yetishtiruvchilar tomonidan keyinchalik birja savdolarida sotish uchun Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tijorat vakilida vaqtinchalik saqlashga qabul qilinadi;
- 837 ming tonnasi tovar bug‘doy davlat resursi sifatida;
- 200 ming tonnasi urug‘lik uchun Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xarid qilinadi.
2024-yil g‘alla hosilidan boshlab bug‘doyni saqlash quvvatiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar Jamg‘armaning tijorat vakili hisoblanadi. Ular tovar bug‘doyni xarid qilish va sotish bo‘yicha elektron hisobvaraq-faktura hisobini yuritadi, shuningdek d-xarid.uz axborot tizimiga kiritiladigan moliyaviy hisob-kitoblar va ma’lumotlarning haqqoniyligiga shaxsan javobgar hisoblanadi.
2024-yil g‘alla hosilidan boshlab:
- davlat resursi sifatida tovar bug‘doyni xarid qilish jarayonida QQS hisobga olinmaydi va sotishda soliq solish bazasiga kiritilmaydi;
- ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan tijorat banklari tomonidan davlat resursi sifatida tovar bug‘doyni xarid qilish jarayonida bank xizmatlari undirilmaydi;
- davlat resursi sifatida hamda vaqtincha saqlashga qabul qilinadigan bug‘doyning sifati, saqlanishi hamda xaridorlarga yuklab jo‘natilishida tovar bug‘doyning sifati bo‘yicha nazorat “O‘zagroinspeksiya” tomonidan amalga oshiriladi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- 2024-yil hosilidan vaqtinchalik saqlash, davlat resursi va urug‘lik uchun bug‘doyni qabul qilish omborlari dislokatsiyasi;
- 2024-yil hosilidan davlat resursi sifatida xarid qilinadigan bug‘doy narxlarini aniqlash koeffitsiyentlari.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103011 | Инструменты