Huawei 1
2024-yil yakuniga qadar aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 80 foizdan oshiriladi

So‘nggi yillarda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasida qamrov darajasini oshirish va shu tariqa aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, so‘nggi 7 yilda aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga 20 trln so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi. (oldingi 25 yilga nisbatan 8 baravar ko‘p).

 Ushbu mablag‘lar hisobidan 2 916 ta suv inshooti va 43 ming kmga yaqin ichimlik suvi tarmoqlari tortildi.

 Natijada, aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 2017 yilda 63 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib ushbu ko‘rsatkich 77 foizga yetkazildi.

 Ushbu davr mobaynida 8 millionga  yaqin aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanib, 14,5 million nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.

 Shuningdek, suv ta’minoti korxonalarining o‘z mablag‘lari hisobidan suv inshootlari, magistral suv tarmoqlari, mahalla va ko‘cha boshlariga 4,5 ming ta zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatildi.

 Bugungi kunda davlat rahbarining tegishli qaroriga asosan, aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda oqova suv xizmatlari qamrovini kengaytirish maqsadida joriy yil avvalida sohaga 1,6 trln so‘m mablag‘ ajratilgan.

Unga ko‘ra jami 384 ta obyektda 1 502,9 km ichimlik suvi tarmoqlari tortilishi hamda 233 ta suv inshootlarida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish, shuningdek, 282,4 km oqova suv tarmoqlari tortilishi va 42 ta oqova suv inshootlarida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Qayd etish joiz, mazkur obyektlarning 158 tasi yildan yilga o‘tuvchi obyektlar bo‘lsa, 226 tasi yangidan boshlanadigan obyektlar hisoblanadi.

 Bevosita amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalsak, 2024-yil 1-sentabr holatiga 900,2 mlrd so‘m (yillik rejaga nisbatan 56 %) mablag‘ moliyalashtirildi va 1 101,2 mlrd so‘m (yillik rejaga nisbatan 68 %) mablag‘ o‘zlashtirildi.

Ushbu mablag‘lar hisobidan 1 200,8 km ichimlik (80 %), 184,2 km oqova suv (65 %) tarmoqlari tortildi. Shuningdek, 95 ta ichimlik (41 %), 15 ta oqova suv (36 %) inshootlarni qurish hamda qayta ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Bundan tashqari, 2025-yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga asosan 75 ta ichimlik va oqova suv obyektlarida 1924,6 km ichimlik va oqova suv tarmoqlari va 106 ta ichimlik va oqova suv inshootlarda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun 1,15 trln so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

 Eslatib o‘tamiz, 2024-yil yanvar holatida aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 77,2 foizni tashkil etadi. Mazkur ko‘rsatkichni yil yakuniga qadar 80 foizdan oshirish rejalashtirilgan. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91806 | Инструменты