Huawei 1
2024-yilda 40 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi

Sudyalar oliy kengashining 2024-yildagi faoliyati sarhisobiga doir matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, 2024-yilda kengash tomonidan sudyalik lavozimiga tanlash va tayinlash bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq tanlovlar natijasida 783 nafar nomzod tavsiya etilgan lavozimga munosib, deb topildi.

Ularning 142 nafari sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga, 146 nafari o‘n yillik muddatga, 5 nafari muddatsiz davrga, 250 nafari vakolatining muddati davriga qayta tayinlangan. Sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga tayinlanganlarning barchasi kengash huzuridagi Sudyalar oliy maktabi bitiruvchilari hisoblanadi.

2025-yil 1-yanvardan sud tizimida yangi institut – jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarida tergov sudyalari ish boshladi. Shunga muvofiq, 2024-yilda ushbu lavozim uchun 240 ta tayinlov ham amalga oshirildi.

2025-yilning 20-fevral holatiga tizimda 1 ming 518 nafar sudya faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 500 nafari (32,9 foiz) ushbu lavozimda bo‘lishning birinchi besh yillik, 964 nafari (63,5 foiz) o‘n yillik muddatga, 54 nafari (3,6 foiz) muddatsiz davriga tayinlangan (saylangan).

Sudyalar korpusini shakllantirishda gender tenglikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2024-yilda ayol sudyalar 34 nafarga ko‘payib, jami 225 nafarga yetdi (15 foiz). Ularning 22 nafari rahbar sudyalik lavozimlariga tayinlangan. Ayol sudyalarimizning 3 nafari Xalqaro ayol sudyalar assotsiatsiyasi aʼzosi hisoblanadi.

Kengash faoliyatida rahbar sudyalik lavozimlariga nomzodlarni shakllantirish masalasi ham ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda 2024 yilda 200 nafar sudya test sinovlaridan o‘tkazilib, eng yuqori ball olgan 60 nafari tumanlararo, tuman (shahar) sudi raisi va rais o‘rinbosari lavozimi uchun zaxiraga olindi. Ular uchun ikki oylik qayta tayyorlash kurslari tashkil etildi.

2024-yilda 40 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi. Ularning 19 nafari o‘z arizasiga ko‘ra, 11 nafari sudyalik qasamyodini, 10 nafari Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgani uchun lavozimidan ozod qilingan.

Sudyalarning daxlsizligini taʼminlash, ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashuvlar bo‘yicha Bosh prokuraturaga 5 ta taqdimnoma kiritildi. Buning natijasida 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 2 holat o‘rganilmoqda. Shuningdek, 10 nafar sudyaga nisbatan yetarli asoslarsiz qo‘llangan intizomiy jazo choralarini bekor qilish yuzasidan tegishli malaka hayʼatiga taqdimnoma kiritildi.

2024-yilda Sudyalar oliy kengashi faoliyatida xalqaro hamkorlik rivojlandi. Singapurda bo‘lib o‘tgan Sud boshqaruvi xalqaro assotsiatsiyasi (IACA) konferensiyasida Sudyalar oliy kengashi ushbu xalqaro tashkilot aʼzoligiga qabul qilindi. Shu tariqa, Sudyalar oliy kengashi aʼzo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar soni yana bittaga ko‘paydi. 2022-yilning oktyabr oyida kengash Sudyalar malakasini oshirish xalqaro tashkiloti (IOJT) aʼzoligiga qabul qilingan edi.

Sudyalar faoliyati samaradorligini ochiq va shaffof baholash bo‘yicha milliy elektron reyting baholash dasturi yana-da takomillashtirildi. Anʼanaga muvofiq, eng yuqori reyting-ballga ega sudyalar “Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlanib kelinmoqda. 2024-yil natijalariga ko‘ra, 18 nafar sudya ushbu mukofotga loyiq, deb topildi.

Reyting ko‘rsatgichlari past sudyalar faoliyati tahliliy o‘rganilib, ularning malakasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Sudyalarning kasbiy faoliyatini amalga oshirishida rioya qilishi shart bo‘lgan axloq-odobiga oid talablarni aniqlashtirish, amaldagi qonunchilikda mavjud bo‘lgan normalarning takrorlanishiga chek qo‘yish hamda yangilangan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish maqsadida Sudyalar odobi kodeksi yangi tahririda qabul qilinib, uch tilda nashr etildi. Mazkur hujjatda aks etgan qoidalarni kengroq tushuntirish, huquqiy, ijtimoiy, maʼrifiy ahamiyatini izohlash maqsadida “Sudyalar odobi kodeksiga sharhlar” nomli yana bir kitob bosmadan chiqdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22206 | Инструменты