Huawei 1
2024 yilda atmosferaga 2 million 40 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olindi

2024 yilda atmosferaga 2 million 40 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olindi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Mamatkarimov maʼlum qildi.

Energetika sohasida 2024 yilda umumiy quvvati 2 ming 787,9 megavattga teng bo‘lgan elektr stansiyalar ishga tushirildi. Shundan quyosh fotoelektr stansiyalari quvvati 1000 megavattni, shamol elektr stansiyalari quvvati 800 megavattni, issiqlik elektr stansiyalari quvvati 965,2 megavattni hamda gidroelektr stansiyalar quvvati 22,7 megavattni tashkil etdi.

2024 yilda yurtimizdagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 4 milliard 860,5 mln kilovatt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Mazkur hajmdagi elektr energiyasi 2 milliondan ziyod xonadonning bir yillik ijtimoiy normasini tashkil qiladi.

Buning natijasida 1 milliard 470 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi, atmosferaga 2 million 40 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olindi.

“Quyoshli xonadon” dasturi orqali 2024 yilda xonadoniga quyosh paneli o‘rnatgan jami 10 826 nafar fuqaroga davlatga sotgan 12 mln 182 ming kVt⋅soat elektr energiyasi uchun 12 mlrd 182 mln so‘m to‘lab berildi. 

2024 yilda respublikada 81,5 milliard kilovatt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Shundan isteʼmolchilarga 67,5 milliard kilovatt⋅soat elektr energiyasi yetkazib berildi. 

Ushbu ishlar 2025 yilda ham izchil davom ettiriladi. Xususan, jami quvvati 4,5 gigavattga teng bo‘lgan yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, quvvati 785 megavatt bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish, quvvati 225 megavatt bo‘lgan gidroelektr stansiyalarini barpo etish va 1 ming 782 megavatt⋅soat elektr energiyasini saqlash tizimlarini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40103 | Инструменты