Bojxona qo‘mitasida 2024-yildagi faoliyat sarhisobi va 2025-yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan Hayʼat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda, jumladan, sohada erishilgan yutuqlar va 2025-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar xususida gap bordi.
Qayd etilishicha, yakuniga yetayotgan yilda 17 mingga yaqin tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga bojxona to‘lovlaridan 49,6 trln so‘mlik imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanildi, 6,6 trln so‘mlik bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi.
Davlat byudjetiga undirilgan bojxona to‘lovlari o‘tgan yilga nisbatan 8 foizga oshishiga erishildi.
9 mingga yaqin holatda 914 mlrd so‘mlik tovarlar, 35 mlrd so‘m ekvivalentidagi valyuta qimmatliklari, 76 mlrd so‘mlik zargarlik buyumlari, 63 mlrd so‘mlik tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanuviga chek qo‘yildi.
Joriy yilda bojxona organlari tomonidan 1 tonnadan ziyod giyohvandlik vositalari, 554 ming dona psixotrop va kuchli taʼsir etuvchi moddalar, 49 dona qurol, 3010 ta o‘q-dorilar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Sohani raqamlashtirish hisobiga eksportda 91 foiz, importda esa 75 foiz deklaratsiyalar soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi. Bunda 54 mingdan ortiq eksport va import deklaratsiyalarining rasmiylashtiruvi inson omilisiz amalga oshirildi.
Yig‘ilishda, shuningdek,kelgusi yilda sohada yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish va yana-da yuqori ko‘rsatkichlarga erishishni taʼminlashga xizmat qiluvchi qator takliflar muhokama qilindi va 2025 yil uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122618 | Инструменты