O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning "Sulomas Sdn Bhd" kompaniyasi bosh ijrochi direktori Sun Xong Lim boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o'tkazdi.
Muloqot avvalida xorij tomoni "Sulomas Sdn Bhd" kompaniyasining atrof-muhitga mas'uliyat va innovatsiyalarga katta e'tibor qaratgan holda maishiy chiqindilarni kompleks boshqarish sohasidagi faoliyati to'g'risida taqdimot o'tkazdi.
Kompaniya vakillari yurtimizda chiqindilarni vaqtincha saqlash uchun turli hajmdagi metall va polimer konteynerlarni ishlab chiqarish hamda piroliz texnologiyasi asosida polimer chiqindilarni qayta ishlash orqali ularni sifatli yoqilg'i moyiga aylantirish loyihasini O'zbekiston sharoitida amalga oshirish imkoniyatlarini atroflicha o'rganib chiqishini ma'lum qildi.
Shuningdek, kompaniya respublikaning aholisi nisbatan zich bo'lgan hududlarida maishiy chiqindilarni samarali yig'ishni yo'lga qo'yish (funksional chiqindixonalar barpo etish, harakatlanuvchi konteynerlar bilan jihozlash, maxsus texnikalar yordamida olib ketish) tizimini joriy qilishni rejalashtirmoqda.
Uchrashuv yakunida mazkur loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish uchun kompaniya mutaxassislaridan iborat delegatsiyaning yaqin oylarda mamlakatimizga safarini tashkil etish yuzasidan kelishib olindi.
"Sulomas Sdn Bhd" kompaniyasi 2014-yilda tashkil etilgan. U Malayziyada metall va plastik chiqindi konteynerlarini ishlab chiqarish, chiqindilarni boshqarish, plastmassa chiqindilarni yuqori sifatli yoqilg'i moyiga aylantiruvchi piroliz korxonalariga egalik qiladi. Shuningdek, kompaniya Singapur, Hindiston, Avstraliya, BAA, Qatar va Saudiya Arabistonida chiqindilarni boshqarish bo'yicha loyihalarda ishtirok etmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31716 | Инструменты