2024-yilda jamoat transportida bank kartalaridan 146 mln martadan ko‘p foydalanilgan. Bu haqda Jamoat transportida yo‘l haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi (ATTO)ning 2024-yil bo‘yicha eʼlon qilgan natijalarida maʼlum qilindi. Qayd etilishicha, 2024-yil davomida jamoat transportlarida bank kartalari orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar soni 146,5 millionga yetgan. Bu 2023-yilga nisbatan 71,5 foizga ko‘proq hisoblanadi.
Bank kartalari orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalar transport kartalarini (140 mln tranzaksiya) ortda qoldirgan. 2023-yilda aksincha, transport kartalari bu borada ustun bo‘lgandi.
Infografika: ATTO telegram sahifasidan
Shuningdek, avtobuslarda mobil QR-to‘lovlar 177,4 foizga, metrodagi QR-to‘lovlar esa 157,6 foizga o‘sgan. Toshkent shahrida avtobuslardagi tranzaksiyalar 52,6 foizga o‘sgan. Metropolitenda esa o‘sish biroz pastroq – 11,6 foizni qayd etgan.
Umuman, 2024-yil davomida jamoat transportlaridagi tranzaksiyalar soni 38 foizga o‘sib, 510,5 milliontaga yetgan.
Maʼlumot uchun, Toshkentda 2025-yil 1-yanvardan boshlab avtobuslarda naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatildi. Naqd pul orqali avtobuslarda harakatlanish uchun bekatlar yaqinida o‘rnatilgan barcha to‘lov qurilmalari yaʼni, Paynet, MultiPay va Oson infokioskalari orqali bir martalik chipta xarid qilish mumkin bo‘ldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13101 | Инструменты