Huawei 1
2024-yilda madaniy meros obyektlariga qariyb 346 mlrd so‘mlik zarar yetkazildi

2024-yilning yanvar-dekabr oylarida O‘zbekistondagi 117 ta madaniy meros obyektiga zarar yetkazildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Agentlikning yuridik bo‘lim boshlig‘i Ahadillo Axmedovga ko‘ra, 117 ta madaniy meros obyektiga nisbatan qilingan qonunbuzilish holatlari Bosh prokuratura bilan hamkorlikda o‘tkazilgan monitoring davomida aniqlangan.

“Arxeologik obyektlarda qazish yoki turli binolar qurish ishlari amalga oshirilishi natijasida ularga zarar yetkazilgan. Shuningdek, arxitektura obyektlarida ofis sifatida faoliyat yurituvchi turli davlat tashkilotlari: vazirlik va idoralar tomonidan binoni ta’mirlash vaqtida ayrim xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Ya’ni obyektning eshigini almashtirish, devorlarini ta’mirlash paytida asl holatiga zarar yetkazish holatlari kuzatilgan”, — deydi Ahadillo Axmedov.

Agentlikning davlat nazorati bo‘limi bosh mutaxassisi Mahmud Chutboyevning qayd etishicha, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sodir etilgan mazkur holatlar bo‘yicha 30 ta jinoiy ish, 87 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

“Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yetkazilgan zarar miqdori 345 mlrd 984 mln so‘mni tashkil etadi. Hozirgi paytda davom etayotgan sud ishlari ham bor. Sud jarayonlarining yakuniga qarab, bu raqamlar o‘zgarishi mumkin”, — deydi u.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40111 | Инструменты