2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 400 mingdan ortiq yangi avtomobillar sotilgan. Bu haqda “O‘zavtosanoat” kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida sotilgan avtomobillar soni 402 391 donani tashkil etdi. Barcha savdolarning qariyb 88%i “UzAuto Motors” kompaniyasi hissasiga to‘g‘ri keladi.
Xususan, davlat kompaniyasi 353,73 ming dona Chevrolet avtomobilini sotgan. Keyingi o‘rinlarda “ADM Jizzakh” (7,5%) va iyun oyida Jizzax viloyatida zavodi ishga tushirilgan “BYD Uzbekistan Factory” (4.3%) turibdi.
O‘tgan yili “ADM Jizzakh” 30,3 mingdan ortiq avtomobil sotdi, ularning aksariyati (19,4 ming dona) Kia brendini tashkil etdi. O‘z navbatida, “BYD” 17 mingdan sal ko‘proq elektromobil sotdi. Top-5 brendlar qatoriga shuningdek, “Chery” (7,5 mingta mashina) va “Haval” (3,3 mingta mashina) ham kirdi.
Qolgan avtomobil ishlab chiqaruvchilarining har biri 0,1% ulushga ega: “Asaka Motors” — 489 dona, “Jizzakh Auto” — 394 dona, “SamAuto” — 317 dona.
Modellar orasida Chevrolet avtomobillari yetakchilik qilmoqda. Birinchi o‘rinni 127,2 ming dona bilan Cobalt avtomobili egalladi. Undan keyin 106 ming dona bilan Damas biroz ortda qolmoqda. Keyingi o‘rinlarni Tracker (37,9 mingta), Onix (33,6 mingta), Labo (25,3 mingta) hamda Lacetti (18,3 mingta) egalladi.
Shuningdek, top-10 talikka Kia Sonet (7,7 mingta avtomobil), “BYD"ning ikkita modeli — Song Plus Champion DM-i (6,4 mingta) va Chazor (4,5 mingta) hamda Chery Tiggo 7 Pro (3,5 mingta) kirdi.
Bundan tashqari, 2024-yilda qiymati $1,27 mlrd bo‘lgan 80 mingdan ortiq yengil avtomobillar import qilingan. Import hajmi 2023-yilga nisbatan qiymat jihatidan 33,2%ga, dona hajmda esa 7 foizga kamaygan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11622 | Инструменты