Huawei 1
AQSh Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan Jyekson-Venik tuzatishini bekor qilishi mumkin

Donald Tramp boshchiligidagi yangi ma’muriyat AQSh tomonidan Markaziy Osiyo respublikalari bilan munosabatlarda Jyekson-Venik tuzatishi saqlanib qolganini o‘tmishning «bema’ni yodgorligi» deb hisoblaydi. Bu haqda AQSh Davlat kotibligiga nomzod Marko Rubio Senatdagi tinglovda ma’lum qildi.

Senator Stiv Deyns tuzatish haqida Rubioga savol berib, uni bekor qilishni o‘z fraksiyasi maqsadlaridan biri deb atadi, chunki «Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan munosabatlarni normallashtirish zarur».

Bunga javoban Rubio ushbu tuzatishni «o‘tmishning bema’ni yodgorligi» deb atadi va undan Markaziy Osiyo davlatlariga bosim o‘tkazish uchun foydalanish endi mantiqiy emas, degan fikrni bildirdi.

«Ba’zilar tuzatishni inson huquqlari sohasida yon berish yoki ularni [Markaziy Osiyo davlatlarini] Rossiya bilan emas, balki biz bilan qat’iyroq harakat qilishga majburlash uchun bosim dastagi sifatida saqlab qolishni talab qilmoqda», dedi Rubio.

Rubio Qozog‘istonni ham tilga olib, respublika bir necha yil avval JST sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgani, bozor iqtisodiyotiga o‘tganini tasdiqlaganini ta’kidladi.

«O‘ylaymanki, biz siz bilan bu masalada [tuzatishni bekor qilish] ustida ishlaymiz, chunki bu ham muhim deb o‘ylayman», dedi u Deynsga.

Jyekson-Venik tuzatishi 1974 yilda SSSRga nisbatan qabul qilingan. Bu erkin emigratsiyaga to‘sqinlik qiladigan va boshqa inson huquqlarini buzadigan davlatlarga nisbatan savdo va moliyaviy cheklovlarni nazarda tutadi. Bunga, xususan, Qo‘shma Shtatlarga import qilinadigan tovarlarga boj va yig‘imlarning oshirilishi, shuningdek, davlat kreditlari va kredit kafolatlarini taqdim etishni taqiqlash kiradi.

SSSR parchalanganidan so‘ng, tuzatish avtomatik ravishda barcha MDH mamlakatlariga taalluqli bo‘ldi. Keyinchalik, AQSh ba’zi davlatlarni uning ta’siridan chiqardi: Rossiya, Ukraina, Qirg‘iziston, Armaniston, Gruziya, Latviya, Litva, Estoniya. Biroq, Markaziy Osiyoning aksariyat davlatlari - Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston - tuzatish cheklovlari ostida qolmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11701 | Инструменты