51 foiz maktabda inklyuziv ta'lim tizimi joriy etiladi
Mamlakatimizda bugungi kunda jismoniy yoki aqliy rivojlanishida nuqsoni bo'lgan bolalar uchun mo'ljallangan 86 ta ixtisoslashtirilgan davlat ta'lim muassasasida 21 ming 363 bola ta'lim-tarbiya olmoqda. 13 ming 868 o'quvchiga esa uyda yakka tartibda ta'lim beriladi.
Bugungi kun talablari asosida inklyuziv ta'limni joriy etishning huquqiy asoslarini yaratish maqsadida yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasining “Ta'lim to'g'risida”gi qonuni loyihasiga inklyuziv ta'lim tushunchasi kiritildi.
Bu borada Prezidentimizning 2018 yil 5 sentyabrda qabul qilingan “Xalq ta'limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori tizim rivojida muhim ahamiyat kasb etayotir.
Ushbu hujjat asosida Xalq ta'limi vazirligi tomonidan rivojlanishida turli nuqsoni bo'lgan hamda davolanishga va sog'lomlashtirishga muhtoj bolalarning ijtimoiy kafolatlarini ta'minlovchi chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, ularning ta'lim-tarbiya olishiga xizmat qiladigan moslashuv muhitini yaratish bo'yicha alohida vazifalar belgilandi.
Mazkur belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida O'zA muxbiriga Xalq ta'limi vazirligi Bolalarni ijtimoiy himoyalash va qo'llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Suxrob XOLIQOV quyidagilarni so'zlab berdi.
– Inklyuziv ta'lim bo'yicha Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda 2014-2016 yillarda amalga oshirilgan loyiha doirasida respublikaning 5 ta hududida tajriba-sinov maydonchalari tashkil etildi. 153 nafar tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya va 1350 nafar pedagog xodim inklyuziv ta'lim xizmatlariga o'qitildi. Ta'lim tizimiga inklyuziv amaliyotni tatbiq etish bo'yicha pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutlarining o'quv rejalariga 3 ta o'qitish moduli kiritildi. 2000 dan ortiq imkoniyati cheklangan bolalar va ularning ota-onalariga inklyuziv ta'lim xizmatlari tashkil etildi.
Rivojlanishida turli nuqsonlari bo'lgan hamda davolanish va sog'lomlashtirishga muhtoj bo'lgan bolalarning ijtimoiy kafolatlarini ta'minlovchi sa'y-harakatlar, korreksion va reabilitatsion ishlar natijasida oxirgi besh yilda 500 nafarga yaqin mana shunday o'quvchilarning umumiy o'rta ta'lim maktablariga qaytishi ta'minlandi. Hozirda 5900 dan ortiq umumiy o'rta ta'lim maktablarida inklyuziv ta'lim bilan 64 ming 700 nafarga yaqin o'quvchilar qamrab olingan.
O'zbekistonda inklyuziv ta'limni takomillashtirish, alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarga ta'lim-tarbiya berish tizimini shakllantirish hamda ularga ko'rsatiladigan ta'lim xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 13 oktyabrda “Alohida ta'lim ehtiyojlari bo'lgan bolalarga ta'lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan 2020-2025 yillarda xalq ta'limi tizimida inklyuziv ta'limni rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Qonsepsiyani amalga oshirish bo'yicha 2020-2021 yillarga mo'ljallangan “Yo'l xaritasi” tasdiqlandi.
E'tiborli jihati shundaki, 2023-2025 yillarda inklyuziv ta'lim tizimi 51 foiz umumta'lim maktablarida joriy qilinishi belgilangan. Ushbu ta'lim shakliga 40 foiz imkoniyati cheklangan bolalar jalb qilinadi.
Imkoniyati cheklangan bolalar musiqa, rassomchilik, tasviriy san'at, kulolchilik, jismoniy tarbiya va sport, kompyuter, tikuvchilik hamda boshqa maktabdan tashqari to'garaklar bilan qamrab olinadi. Shu bilan birga, inklyuziv ta'limda o'qitish usullari takomillashtiriladi hamda ta'lim jarayoniga individuallashtirish tamoyillari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 113002 | Инструменты