ACTIVIST loyihasi qayd etgan Karmin moddasi haqiqatan harommi? Fatvo markazi bir necha misollarni keltirdi

Kuni kecha ACTIVIST loyihasi asoschisi, taniqli bloger Hojiakbar Nosirov 15 sutkaga qamalgani haqda xabar bergandik. Blogerning jamoasi bunga yogurtlarning tarkibida karmin moddasi borligi, bu harom ekanligi aytilgan video sabab bo'lganini ma'lum qilishgan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.

Fatvo markazining ma’lum qilishicha, karmin – qizil rangli bo‘yoq moddasi bo‘lib, Ye120 raqami ostida oziq-ovqat qo‘shimchalari sifatida foydalaniladi. Ushbu modda yarim qattiq qanotlilar guruhiga mansub bo‘lgan koshenil hasharotidan olinadi. To‘rt mazhab ulamolarining nazdida chigirtkadan boshqa hasharotlarni iste’mol qilish qat’iy man qilingan. Lekin, hasharotlardan olinadigan moddalar, shu jumladan, karmin Ye120 moddasi ham muayyan kimyoviy jarayon va usullardan o‘tishi bilan holati o‘zgarishi soha mutaxassislari va ulamolar tomonidan aytilgan.

"Bu borada Iordaniya fatvo hay’atining 3240-sonli Fatvosida quyidagilar bayon qilingan:

Hasharotlardan olinadigan moddalar kimyoviy yo‘llar bilan boshqa moddaga aylanish jarayonini Islom shariatida “Istihola” ya’ni, bir moddani boshqasiga o‘zgarishi deyiladi. Natijada, najosat va nopok bo‘lgan narsalar o‘z sifatlarini yo‘qotib boshqa narsaga aylanadi.

Bu masalada hanafiy mazhabining mashhur allomasi Kamol ibn Humom rahmatullohi alayh “Fathul-Qodiyr” kitobida bunday deganlar:

Shariat (biror narsani) najosat bo‘lishini muayyan mohiyatga bog‘lagan. Najosatning ba’zi sifatlari yo‘qolishi bilan najosatlik mohiyati ham yo‘qoladi. Agar najosatning barcha sifatlari yo‘qolsa, najosatlik mohiyati ham to‘liq yo‘qolgan bo‘ladi. Buning shar’iy masaladagi misoli: uzum suvi pok sanaladi. (Vaqt o‘tishi bilan) xamr (mast qiluvchi ichimlik)ga aylanib, najosat bo‘ladi. (Yana vaqt o‘tishi bilan) xamr sirkaga aylanib, pok bo‘ladi.

Karmin moddasi haqida Fatvolar va tadqiqotlar bo‘yicha Yevropa Kengashi o‘zining 19-sonli fatvosida quyidagicha qaror qilgan:

Carmine E120 moddasi garchi kelib chiqishi hayvonlardan bo‘lsa ham, kimyoviy ishlovdan o‘tadi, natijada o‘z tuzilishini o‘zgartiradi hamda asl xususiyatlarini yo‘qotadi.

Demak, yuqoridagilardan karmin — E120 moddasi qo‘shilgan mahsulotlarni iste’mol qilish joiz ekani ma’lum bo‘lmoqda. Lekin ushbu fatvolar ulamolar tomonidan e’lon qilingan bo‘lsa-da, zamonamizdagi ayrim ahli ilmlardan mazkur masalada ehtiyot yo‘lini tutishni tavsiya etganlari ham bor", - deyiladi Fatvo markazi xabarida.

Xulosa qilib aytganda, ulamolar ruxsat berib qo‘ygan tarafni olib, ba’zi bir odamlar karmin moddasi qo‘shilgan mahsulotni iste’mol qilsa, taqvo va ehtiyot yo‘lini tutganlar ularni malomat qilmasliklari kerak.

Qolaversa, biror masalaga oid hukmni bayon qilishda uni puxta o‘rganmasdan muayyan bir mahsulotni "shar’an harom" deb fatvo berish va musulmonlarni sarosimaga solish shariat ko‘rsatmalariga zid hisoblanadi.

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51702 | Инструменты